O'quv-uslubiy boshqarma talabalar a'malyot bo'limi
l. Mazkur Namunaviy nizom har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabalarning amaliyotni o’tash tartibini ishlab chiqish, tasdiqlash va uni tashkil etishda foydalanish uchun ishlab chiqilgan.
2. Mazkur Namunaviy nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
malaka amaliyoti - nazariy bilimlarni mustahkamlash, amaliy ko’nikma va malaka hosil qilishni nazarda tutuvchi ta’lim jarayonining bevosita ishlab chiqarish sharoitida davom ettiriladigan tarkibiy qismi;
qabul qiluvchi tashkilot - talabalar malaka amaliyotini o’tashi uchun oliy ta’lim muassasasi bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzgan, malaka amaliyotini o’tash uchun shart-sharoitlar mavjud bo’lgan tashkilot;
oliy ta’lim muassasasidan malaka amaliyoti rahbari – o’quv yuklamasida talabalar malaka amaliyotiga rahbarlik qilish qayd etilgan oliy ta’lim muassasasining tegishli kafedrasi professor-o’qituvchisi;
qabul qiluvchi tashkilotdan malaka amaliyoti rahbari - qabul qiluvchi tashkilot rahbarining buyrug’i bilan talabalarga malaka amaliyoti davomida ularni texnik xavfsizlik qoidalari bilan tanishtiruvchi, amaliy ko’nikma va malakalarni shakllantirishga ko’maklashuvchi, amaliyot davrida talaba egallagan ko’nikmalarni baholash mas’uliyati yuklangan qabul qiluvchi tashkilot xodimi.
3.Malaka amaliyoti bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari o’quv (ishchi o ‘quv) rejalariga muvofiq ikkinchi kursdan boshlab tizimli ravishda Filial tomonidan ishlab chiqiladigan hamda qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishib tasdiqlanadigan malaka amaliyoti dasturi asosida amalga oshiriladi.
bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari o’quv (ishchi o’quv) rejalarida keltirilgan umumkasbiy, mutaxassislik fanlari blokidagi tegishli fanlarning amaliy mashg’ulot darslarini bevosita ishlab chiqarish sohasining yetakchi korxona, muassasa, tashkilotlarida malakali mutaxassislarni jalb etgan holda tasdiqlangan dars jadvali asosida tashkillashtirish hamda ushbu mashg’ulotlarni malaka amaliyotining bir qismi sifatida qabul qilish mumkin. Bunda, o’quv (ishchi o’quv) rejalarda belgilangan va taqsimlangan soatlarni to’liq bajarilishini ta’minlash shart.
Malaka amaliyoti mazmuni uning reja-jadvali va dasturlari bilan belgilanadi.
5. Filial talabalari ish joylariga dastlabki taqsimlashni bitiruvchi kurs oxirida emas, balki ikkinchi kursdan boshlab o’tkazish hamda barcha turdagi amaliyotlarni ishga yo’llanma oladigan korxona, tashkilot yoki muassasada o’tashini yo’lga qo’yish tavsiya etiladi.
6. Filial bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o’ziga xosligidan kelib chiqib malaka amaliyoti turi aniqlanadi va o’quv (ishchi o’quv) reja asosida Filial Kengashi qarori bilan tasdiqlanadi. Bunda, talabalarning malaka amaliyotini o’tash davri qabul qiluvchi tashkilotning faoliyat yuritayotgan davriga moslab qo’yish tavsiya etiladi.
7. Malaka amaliyotini o’tkazish bo’yicha tegishli qabul qiluvchi tashkilot hamda oliy ta’lim muassasasi o’rtasida tuziladigan shartnomada tahsil olayotgan kursidan qat’i nazar talabani darsdan tashqari vaqtda vakant joyga ish haqi to’lanadigan lavozimga vaqtinchalik ishga qabul qilish to’g’risida bandlar kiritilishi mumkin.
8. Talabalar malaka amaliyotini o’tashlari majburiy hisoblanadi, malaka amaliyotini uzrli sabablarga ko’ra o’tay olmagan talabalar Filial direktorining buyrug’iga muvofiq belgilangan boshqa muddatda amaliyotni o’tashi shart.



