Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga Shimkent shahrida joylashgan Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari tashrif buyurdi. Dastlab mehmonlar filial direktori, professor A.Esimbetov qabulida bo‘lishdi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida tajriba almashish, o‘qituvchilar va talabalar uchun qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi. Samimiy muloqotda do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti 2025-yilgi QS World University Rankings reytingida 621–630 o‘rinlar oralig‘ida qayd etilgan. Bunday yutuq ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot faoliyatining samaradorligi, xalqaro hamkorliklar kengaytirilgani va bitiruvchilarning bandlik darajasi bilan bog‘liq muhim omillar hisobiga erishilgan.
Universitet va filial o‘rtasida rasmiy hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu hujjat kelgusida qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, innovatsion loyihalar ustida birgalikda ishlash imkonini beradi.
Mehmonlar – Qozog‘istondagi mazkur universitetning Veterinariya tibbiyoti kafedrasi dotsenti, veterinariya fanlari nomzodi T.Ibragimov, katta o‘qituvchi, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A. Akkozova, shuningdek, neftni qayta ishlash va neft kimyosi kafedrasi dotsenti, texnika fanlari nomzodi G.Turebekova filial talabalari ishtirokida ochiq ma’ruza mashg‘ulotlarini o‘tkazishdi.
Ma’ruzalar davomida talabalar sohaga oid zamonaviy bilimlar, xalqaro tajribalar, innovatsion yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Qolaversa, o‘qituvchilarning amaliy yondashuvi talabalar bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Ushbu tashrif do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, ilmiy va ta’limiy jarayonlarda qo‘shma faoliyatni yo‘lga qo‘yish borasida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bunday hamkorlik aloqalari kelgusida yana-da samarali natijalar berishi shubhasiz.
скачать dle 12.1