Asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jalikka media-tur tashkil etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani Djubaev Baxtiyar Taylakovich dehqon xo‘jaligiga media-tur tashkil etildi. Ushbu media-turda ommaviy axborot vositalari vakillari, «Zooinjeneriya» kafedrasining o‘qituvchilari va shu yo‘nalishda tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etib, xo‘jalik faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Media-tur davomida mutaxassis B.Djubaev tomonidan ushbu dehqon xo‘jaligi 2012-yilda tashkil etilgani va dastlab 50-100 ta asalari qutisidan har biridan o‘rtacha 10 kg asal olingani haqida ma'lumot berildi. O‘tgan yili esa xo‘jalik ikki ming tonnaga yaqin asal yetishtirishga muvaffaq bo‘lgan. Tadbir ishtirokchilari bu natijaga erishishdagi asosiy omillar va texnologiyalar bilan tanishtirildi.
Shuningdek, ushbu xo‘jalikda “Karpat” zotli asalarilar parvarish qilib kelinmoqda. Mazkur zotning o‘ziga xos jihati shundaki, ular sermahsul va sovuqqa chidamli bo‘lib, yil davomida sifatli asal ishlab chiqarish imkonini beradi. Hozirda xo‘jalikda minglab “Karpat” zotli asalarilar boqilib, ularning hayot tarzi, oziqlanishi va parvarishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Media-tur ishtirokchilari ushbu asalarilarni saqlash, ularning kasalliklariga qarshi kurashish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha qimmatli bilimlarga ega bo‘lishdi. BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi” doirasida tashkil etilgan asalni qayta ishlash va qadoqlash ustaxonasi faoliyati ham ishtirokchilarga namoyish etildi. Ushbu ustaxona BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangani ta'kidlandi.
Bundan tashqari, Respublika fermerlar kengashi tomonidan asalari qutilari va romlarini ishlab chiqarish sexi qurib berilgani va uning xo‘jalikdagi ahamiyati haqida batafsil tushuntirish berildi.
B.Djubaev media-tur davomida o‘zining asalarichilik faoliyati haqidagi tajribalarini ham bo‘lishdi. U 1995-yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgani va bu soha unga katta qiziqish va mehr bag‘ishlaganini ta'kidladi. Shuningdek, BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi doirasida 120 quti asalari oilasi 24 nafar odamga berilib, ularga asal yetishtirish sirlarini o‘rgatayotgani haqida ma'lumot berdi. Bugungi kunda ushbu xo‘jalik ko‘plab shogirdlar tayyorlab, ularni asalarichilik sirlariga o‘rgatmoqda.
Asalarichilikka ixtisoslashgan ushbu xo‘jalik bugungi kunda aholining sifatli asal mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim rol o‘ynamoqda. Media-tur davomida ishtirokchilar asal ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Umuman olganda, media-tur qiziqarli taassurotlarga boy tarzda o‘tdi va ishtirokchilarga katta tajriba va motivasiya bag‘ishladi.

















Axborot xizmati скачать dle 12.1