Hayvonlar anatomiyasi bo‘yicha online ma'ruza talabalarga yangi bilimlar bag‘ishladi
"Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi" kafedrasining tashabbusi bilan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti o‘qituvchisi, biologiya fanlari nomzodi M.Jilkishibaeva 101-guruh talaba-yoshlarga online ma'ruza o‘tdi. Ushbu universitet, «QS World University Rankings» reytingida 500 taligiga kirgan va xalqaro ta'limda o‘zining o‘rni bilan tanilgan muassasa sifatida tanilgan.
Hayvonlar anatomiyasi fani bo‘yicha olib borilgan ma'ruza mavzusi –“Yurak qon tomir tizimi” bo‘lib, talabalarga hayvonlar anatomiya va fiziologiyasi haqidagi asosiy tushunchalar, yurak qon tomir tizimi va uning tuzilishi haqida keng qamrovli ma'lumot berildi. M.Jilkishibaeva darsni interaktiv tarzda olib borib, talabalarga vizual materiallar va misollar yordamida mavzuni tushunishni osonlashtirdi.
Kafedraning assistent-o‘qituvchisi N.Seytova bu kabi online ma'ruzalar talaba-yoshlarning nazariy bilimlarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi. — Online ta'limning eng katta afzalliklaridan biri – talabalarga ilm olish jarayonini o‘z vaqtida va qulay tarzda tashkil etish imkoniyatini yaratishdir. Bu metod talabalar uchun ta'limga bo‘lgan qiziqish va motivatsiyani saqlab qolish bilan birga, ularning o‘zining mustaqil fikrlash qobiliyatini ham rivojlantiradi. Bunday darslar talabalar uchun geografik cheklovlarni bartaraf etishga, o‘z vaqtida ma'lumot olishga va o‘qish jarayoniga moslashishga yordam beradi— deydi N.Seytova.
Ushbu online dars davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish, fikr almashish va mustaqil fikrlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu kabi interaktiv ta'lim jarayonlari talabalarning bilim olish jarayonini yanada samarali va qiziqarli qiladi.
Hayvonlar anatomiyasi fanini o‘rganish va bu sohada bilim olish, kelajakdagi veterinariya mutaxassislarining amaliy faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, bu kabi online darslar talabalarning ilmiy qobiliyatlarini rivojlantirish va ilmiy fikrlarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.






Axborot xizmati скачать dle 12.1