Bayram muborak, aziz yoshlar!
Bayram muborak, aziz yoshlar!
Umrning eng mazmunli va zavqli onlari yoshlik bilan birga kechadi. Kuch va g‘ayrat qonimizda jo‘sh urib, kelajak tomon shaxdam qadamlar ila ildamlab boradigan damlar ham bevosita u bilan bog‘liq. Aynan yoshlar kelajagimiz egalari hisoblanadi. Shu bois, Davlatimizda yoshlarga oid siyosatga katta e'tibor qaratilgan. Ma'lumki, 2017 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun — 30 iyun yurtimizda Yoshlar kuni deb belgilandi. Shuning o‘zi yurtboshimizning yoshlarga bo‘lgan e'tibor va g‘amxo‘rligidan dalolat beradi. Har bir sohada faol yoshlar rolini oshirish muhim bo‘lib kelmoqda. Ularga taqdim etilayotgan imkoniyatlar bugun o‘z samarasini berayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Albatta natija shunday bo‘lishi ham kerak. Mamlakatimizda ko‘plab yoshlar katta muvaffaqiyatlarga erishib, Prezident tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlash uchun chin ko‘ngildan harakat qilmoqdalar. Ularning zabt etgan marralarini ko‘rib ham xursand bo‘laman ham havasim keladi.
Bugun yoshlar uchun barcha eshiklar ochiq, keng imkoniyatlar yaratilgan. Ular faqat oydin yo‘ldan borib, o‘zlari uchun to‘g‘ri yo‘nalish tanlay olishsa bas. Hozirgi yoshlarda kelajak uchun aniq rejalar bor. Shuningdek, ularni amalga oshirish uchun katta jasorat ham bor. Davlatimiz har doim ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Bizni filial talabalari orasida ham katta maqsadlarni ko‘zlagan, o‘ziga ishonchi baland yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Men bundan o‘ta mamnunman. Ularning shijoatini, g‘ayratini ko‘rib o‘zimga yanada kuch olaman. Bunday faol yoshlar uchun har tomonlama imkoniyat yaratishga intilaman. Eng avvalo yoshlarimiz chuqur bilimga ega bo‘lib, dunyo qarashini yaxshi shakllantirib olishsa marra ularniki. Shuningdek, hozirgi kunda filialimizda faoliyat yuritayotgan yosh kadrlar deyarli 40% tashkil qiladi.
Albatta kelgusida ular soni yanada oshib borishiga ishonchim komil. Shu o‘rinda, mana shu yoshlardan ham ko‘nglim xotirjam. Ular orasida o‘ta bilimli, zamonaviy va o‘z ishini mamnuniyat ila bajarib kelayotganlar ham bor. Mana men kimlarga ishonch bildiraman! So‘nggi yillarda yurtimizda veterinariya va chorvachilik sohasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu esa o‘z o‘zidan filial talaba yoshlari uchun katta imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Sohada yetuk mutaxassislarni tayyorlash filialning oliy maqsadidir. Bizda ta'lim olayotgan yoshlar uchun katta muvaffaqiyat kaliti bor deb hisoblayman. Ulardan faqatgina nazariy va amaliy bilimlarni o‘zlashtirish talab etiladi.
Kelajak uchun katta rejalar tuzish esa ularning o‘zlariga bog‘liq. Shaxsan o‘zimda filial talaba yoshlariga ishonchim baland. Ulardan umidim katta. Kun kelib ishonchimni albatta oqlaydilar deb o‘ylayman. Bugungi Yoshlar kuni bayrami bilan O‘zbekistonning barcha yoshlarini, filial talabalarini va albatta yosh kadrlarimizni samimiy qutlayman! O‘zbekiston yoshlarini eng shijoatli va eng faol yoshlar deb bilaman. Sizlarga tilagim, kelajakka bo‘lgan ishonchingiz va beg‘ubor havasingiz so‘nmasin. Bilagingizdagi kuch, aqlingizdagi idrokni to‘g‘ri yo‘naltirib biling. Sihat- salomatlikda labingizdan tabassum arimasin. Hayot to‘lqinlari sizni qaerga tashlab qo‘ymasin, o‘zingizda har doim kuch topa olishga ishoning. Unutmang, buyuk kelajak faqat sizlar bilan bunyod bo‘ladi. Bayram muborak, aziz yoshlar!
Hurmat bilan,
Esimbetov Adilbay Tlepovich
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti
Nukus filiali direktori
скачать dle 12.1