“Talabalar bahori” festivali doirasida bilimdonlar “Zakovat” intellektual o‘yinida bellashdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Talabalar bahori” festivali yuqori saviyada, keng ko‘lamda va ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. An’anaga aylangan mazkur festival doirasida talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, ularning mantiqiy fikrlash va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Navbatdagi tadbirlardan biri sifatida filialda “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Unda jami 7 ta jamoa o‘zaro bilim va tafakkur bellashuviga kirishdi. Har bir jamoa a’zolari turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha savollarga javob berib, mantiqiy fikrlash, tezkorlik va jamoaviy harakatlar orqali raqobatbardoshligini namoyon etdilar.
O‘yinda qatnashgan talabalar faolligi, bilim darajasi va fikrlash madaniyati festivalga alohida fayz bag‘ishladi. Qizg‘in va murosasiz bahs-munozaralar, fikrlar to‘qnashuvi asosida kechgan ushbu o‘yin talabalar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “Talabalar bahori” festivali doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlarning har tomonlama yetuk, faol, bilimli va tashabbuskor bo‘lib ulg‘ayishida muhim o‘rin tutmoqda. Turli yo‘nalishlarda tashkil etilayotgan bunday bellashuvlar ularning intellektual salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.




Axborot xizmati
скачать dle 12.1