Mehnat yarmarkasi doirasida media-tur tashkil etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi talaba-yoshlarni ish bilan ta'minlashga qaratilgan mehnat yarmarkasi doirasida keng qamrovli media-tur tashkil etildi. Mazkur media-turda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy banki” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, ish beruvchi tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Media-tur davomida mehmonlar filialda yaratilgan zamonaviy o‘quv va laboratoriya bazasi, talabalarning amaliy mashg‘ulotlarga jalb etilishi, ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan ta’lim tizimi bilan bevosita tanishdilar. Ayniqsa, filial kafedralari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu ko‘rgazmalarda talabalar tomonidan tayyorlangan innovatsion loyihalar, ilmiy ishlanmalar va amaliy mahsulotlar namoyish etildi. Tashrif buyurgan mehmonlar ko‘rgazmalarni tomosha qilib, talabalar bilan ochiq muloqotlar olib bordilar. Shuningdek, mehnat yarmarkasi doirasida talabalar va ish beruvchilar o‘rtasida samarali uchrashuvlar tashkil etildi.
Bu uchrashuvlar davomida ishga joylashish, amaliyot o‘tash va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Tadbirning asosiy maqsadi – bitiruvchi yoshlarni bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, ularning mehnat bozoridagi talab va ehtiyojlarga mosligini ta’minlash, shu bilan birga, filialda amalga oshirilayotgan o‘quv-amaliy jarayonlarning ochiqligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi. Mazkur media-tur orqali mehmonlar nafaqat filialdagi o‘quv jarayoni, balki talabalarning kasbiy tayyorgarligi va ishga tayyorlik darajasi haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
скачать dle 12.1