Talaba-qizlar o‘rtasida o‘rtoqlik voleybol bahslari tashkil etildi
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, talaba-yoshlar, xususan, talaba-qizlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ular o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali o‘rtasida o‘rtoqlik voleybol musobaqasi o‘tkazildi. Tashkil etilgan ushbu musobaqada har ikki oliy ta’lim muassasasining sportga qiziquvchi talaba-qizlari faol ishtirok etdi. Musobaqa davomida voleybolchi qizlar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va jamoaviy harakatdagi uyg‘unlikni namoyish eta oldilar. O‘yinlar do‘stona ruhda, sportning barcha qoidalariga amal qilingan holda, yuqori kayfiyatda o‘tdi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talaba-qizlari musobaqaga Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini E.Seytmuratov, “Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Q.Urazbaev hamda tyutor J.Mambetniyazov hamrohligida tashrif buyurdilar.
Mazkur sport tadbiri nafaqat sog‘lom raqobat muhitini yaratdi, balki ishtirokchilarga o‘zaro tajriba almashish, jismoniy faollikni oshirish, sport orqali sog‘lom muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, bu kabi sport uchrashuvlari orqali yoshlar orasida sog‘lom raqobat, ijobiy kayfiyat, hamjihatlik va do‘stlik kabi ijobiy fazilatlar mustahkamlanadi. Tadbir yakunida har ikki jamoa a’zolari tashkilotchilarga va bir-birlariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, bunday musobaqalarning muntazam tashkil etilishi tarafdori ekanliklarini ta’kidladilar.














Axborot xizmatiскачать dle 12.1