Yosh mutaxassislar bandligini ta'minlash yo‘lida filialda mehnat yarmarkasi tashkil etildi
Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu — ularning kasb-hunar egallashi, o‘z ixtisosligi bo‘yicha ish bilan ta'minlanishi, mustaqil hayotga dadil qadam qo‘yishlariga zarur sharoit yaratishdir. Shu maqsadda Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalarining bandligini ta’minlash va ularning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yirik mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur tadbir bitiruvchilarni zamonaviy mehnat bozorining talablari bilan tanishtirish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etishiga ko‘maklashish, shu bilan birga yosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, "O‘zbekiston Respublikasi Milliy banki" AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek, bir qator ish beruvchi tashkilotlar vakillari, filial rahbariyati hamda bitiruvchi bosqich talabalari ishtirok etdilar. Yarmarkani filial direktori A.Esimbetov ochib berdi. O‘z so‘zida u Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilib, ularning har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib shakllanishi yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur yarmarka yosh mutaxassislarni bevosita ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish, ular uchun munosib mehnat sharoitlari yaratishdagi amaliy qadam bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi. Tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 30 dan ortiq ish beruvchi korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Bitiruvchilar bilan o‘tkazilgan yuzma-yuz suhbatlar davomida ular o‘z kasbiy salohiyatini namoyon etish, tanlagan sohasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Suhbatlar natijasida 91 nafar bitiruvchi bilan mehnat shartnomalari imzolandi. Bu kabi mehnat yarmarkalari yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni yetishtirib berishda muhim bosqich hisoblanadi. Shu boisdan ham Nukus filialida bunday tashabbuslarning muntazam yo‘lga qo‘yilishi, albatta, kelajakda yuqori samaradorlikka olib kelishi shubhasiz. Ma'lumot o‘rnida, Joriy o‘quv yilida Samarqand davlat veterinariya medisinasӣ, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 4 ta ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan 297 nafar talaba o‘zining akademik yo‘lini muvaffaqiyatli yakunlab, professional hayotga dadil qadam tashlash arafasida turibdi.
скачать dle 12.1