San’at va ma’naviyat: yulduzlar bilan uchrashuv
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini boyitish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti O.Qosimbetov hamda estradamizning yorqin yulduzlaridan biri, keng muxlislar e’tiborini qozongan ijodkor M.Bekpolatov talabalar bilan samimiy suhbat olib bordi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Xushnud Abdijaliyev ochib berdi. U o‘z nutqida bunday ma’naviy uchrashuvlarning yoshlarga ko‘rsatayotgan ijobiy ta’siri, ularning ma’naviy olamini boyitishdagi o‘rni va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mazkur tadbirning asosiy maqsadi sifatida talabalarni ijtimoiy faollikka undash, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish va san’atga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlash ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida O.Qosimbetov o‘z ijodiy faoliyati, teatr va kino sohasidagi yutuqlari, shuningdek, milliy san’atimizdagi mavqe’i haqida to‘lqinlantiruvchi so‘zlar bilan fikr bildirdi. M.Bekpolatov esa ijod yo‘li, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi hamda zamonaviy yoshlar orasida san’atga qiziqishni shakllantirishdagi yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi.
Talabalar tomonidan berilgan savollarga mehmonlar samimiy va qiziqarli tarzda javob berib, o‘z tajribalari orqali yigit-qizlarga foydali maslahatlar ham berib o‘tishdi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar mehmonlarga samimiy tashakkur izhor etib, ular bilan xotira suratlarini olishdi.
Bunday tadbirlar yosh avlod qalbida milliy iftixor, madaniyat va san’atga bo‘lgan hurmatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir yakunida xonanda M. Bekpolatov o‘z ijod namunasidan qo‘shiqlar ijro etib, zalda yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.








скачать dle 12.1