Yevroosiyo osyotr baliqlarini saqlash dasturi kuratori Aleksey Chernyak Nukus filialida bo‘ldi
Yevroosiyo hayvonot bog‘lari va akvariumlari mintaqaviy assotsiatsiyasi (YeARAZA)ning Yevroosiyoning eng kamyob osyotr baliqlarini saqlash dasturi kuratori Aleksey Chernyak Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmon filial rahbariyati bilan uchrashdi hamda filial direktori A.Esimbetov bilan baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Muloqot chog‘ida baliqchilik sohasida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Kurator Aleksey Chernyak filial hududidagi sun’iy hovuzlar va o‘quv-laboratoriyalar bilan yaqindan tanishdi. U yerdagi ilmiy-amaliy baza mehmon tomonidan ijobiy baholandi. Ayniqsa, zooinjeneriya yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun bunday uchrashuvlar katta ahamiyat kasb etadi. Ular nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kamyob baliq turlarini saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha zamonaviy tajribalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi xalqaro hamkorlik aloqalari filial uchun juda foydalidir. Talabalar sohaga oid yangiliklar, ilg‘or texnologiyalar hamda xalqaro tajribani o‘zlashtirish orqali o‘z bilim va malakalarini yanada boyitishlari mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz baliqchilik sanoatining kelajakdagi rivoji uchun muhim zamin yaratadi. Tashrif davomida, shuningdek, Amudaryo havzasiga xos bo‘lgan katta kurakburun baliq turlarini saqlash va ularni yanada ko‘paytirish borasida hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi. Tashrif yakunida tomonlar baliqchilik sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdilar. Shubhasiz, bunday tashriflar nafaqat soha rivojiga, balki yosh avlodning professional shakllanishiga ham katta turtki bo‘ladi.










скачать dle 12.1