Yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
2025-yil 10-aprel kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri — diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, shuningdek, diniy bag‘rikenglik, umummilliy totuvlik va millatlararo hamjihatlikni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni filialning Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.Abdijaliyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida, bugungi kunda yoshlar orasida diniy savodxonlikni oshirish, ularni turli buzg‘unchi g‘oyalardan asrash va sog‘lom hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.
Targ‘ibot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi Nukus shahar bosh mutaxassislari X.Nezamatov va N.Jamalov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasining yetakchi mutaxassisi S. Tanabergenov, shuningdek, filialning profilaktika inspektori, kapitan Q.Qayipnazarov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mutaxassislar o‘z chiqishlarida diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyatga salbiy ta’siri, bu illatlarga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, dinning asl mohiyati — tinchlik, totuvlik va insonparvarlik tamoyillarini keng tushuntirib berdilar. Ayniqsa, yoshlarning radikal g‘oyalarga berilmasligi, ijtimoiy tarmoqlardagi noto‘g‘ri diniy axborotlardan ogoh bo‘lishi, ongli va hushyor bo‘lishi zarurligi haqida alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, ochiq muloqot tarzida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ma’ruzachilar tomonidan, shuningdek, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini kuchaytirish borasida olib borilayotgan davlat siyosati haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi "Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi" PR-52-sonli Farmoni, shuningdek, "O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaning faoliyatini samarali tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-115-sonli qarori mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar ongiga yetkazish, ular orasida mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, vatanparvarlik va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.





скачать dle 12.1