Respublika yoshlar forumining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 2-aprel kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida mamlakatimiz yoshlarini birlashtirgan muhim tadbir – Respublika yoshlar forumining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli forum Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi va yurtimizning iqtidorli yoshlarini bir sahnada jamladi.
Forumning tantanali taqdirlash marosimida filial direktori A.Esimbetov hamda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A. Akbarov so‘zga chiqib, ushbu forumning yoshlar uchun qanday katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tishdi. Ular yoshlarga ta’lim va innovatsiyalar sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib, forum ishtirokchilarining ilmiy, ijodiy va sport yutuqlari yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi juda katta ekanini qayd etishdi.
Shundan so‘ng, forumning eng hayajonli lahzalaridan biri – Respublika fan olimpiadasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi. Bu yilgi olimpiadada 33 nafar iqtidorli yosh qatnashib, o‘z bilimlarini namoyish etdi. Olimpiada natijalariga ko‘ra:1-o‘rinni egallagan g‘oliblarga oltin medal va qimmatbaho sovg‘alar;
2-o‘rin sohiblariga kumush medal va esdalik sovg‘alari;
3-o‘rin egalari esa bronza medal hamda rag‘batlantiruvchi sovg‘alar topshirildi.
Forum doirasida yoshlar o‘rtasida bir qator qiziqarli tanlov va musobaqalar ham o‘tkazildi. Ularda ishtirok etgan talabalar o‘z ijodiy va intellektual salohiyatlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldilar. Jumladan:
Munozara – debat tanlovi;
“Yurtim jamoli” mavzusida “Eng yaxshi plakat” tanlovi;
«Talabalar teatr studiyasi» tanlovi;
«Kitobxon talaba» tanlovi;
“Zakovat” intellektual o‘yini;
Startap – «Istiqbolli loyihalar yoshlar nigohida» loyihalar tanlovi;
Veterinariya va Chorvachilikni Rivojlantirish Qo‘mitasi Raisi Kubogi;
Rektor Kubogi va Direktor Kubogi ostida o‘tkazilgan sport musobaqalari.
Har bir yo‘nalishda o‘zining aql-zakovati, ijodiy yondashuvi va fidoyiligi bilan ajralib turgan ishtirokchilar g‘olib deb topilib, ularga diplom va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Bu g‘alabalar yoshlarni yanada ilhomlantirib, kelgusida yanada yuksak marralarni zabt etishga undashi shubhasiz.
Taqdirlash marosimidan so‘ng forum ishtirokchilariga unutilmas taassurot qoldirgan bayram dasturi bo‘lib o‘tdi. Estradamizning taniqli xonandalari sahnaga chiqib, o‘zlarining eng sara qo‘shiqlari bilan barchaga quvonch ulashdi. Yoshlar bu ajoyib kechani ko‘tarinki kayfiyatda nishonlab, raqsga tushib, bayram shukuhini his qilishdi.
Respublika yoshlar forumi nafaqat ilm-fan, san’at va sport sohasida o‘z iste’dodini namoyon qilish istagida bo‘lgan yoshlarni birlashtirdi, balki ularga o‘z bilim va qobiliyatlarini keng namoyish etish imkoniyatini ham yaratdi. Ushbu forum kelajak avlodning yanada rivojlanishi va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim maydon bo‘lib qolishi shubhasiz.












скачать dle 12.1