Chorvachilik va yaylov xo‘jaligining ilmiy asoslari va rivojlanish istiqbollari
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining “Zooinjeneriya” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan “Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi chorvachilik sohasida ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga bag‘ishlandi. Unda professorlar, yosh olimlar va talaba-yoshlar ishtirok etib, sohaning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi.
Konferensiyani ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Avezimbetov ochib, uning chorvachilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. Tadbirda quyidagi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi:
Chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirishda ilmiy tadqiqot ishlarini joriy etish samaradorligi.
Yaylovlardan oqilona foydalanish va chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash.
Veterinariya tadqiqotlarining chorvachilik rivojlanishiga ta’siri.
Mazkur anjumanda Toshkent davlat agrar universiteti professori M.Dosmuxamedova ham ishtirok etib, konferensiyaning ilmiy-amaliy ahamiyatiga yuqori baho berdi. — Men ushbu konferensiyada «Import qilingan qoramollar mahsuldorligini saqlash va parvarishlashning o‘ziga xos jihatlari» mavzusidagi ma’ruzam bilan ishtirok etmoqdaman. Tadbir davomida professorlar, olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan taqdim etilgan ilmiy izlanishlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Ayniqsa, yaylovlardan samarali foydalanish, chorvachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash va veterinariya tadqiqotlarining chorvachilik rivojlanishiga ta’siri kabi dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surilgan ilmiy yechimlar nihoyatda qiziqarli va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu konferensiya nafaqat soha mutaxassislarini birlashtirish, balki yangi ilmiy hamkorliklar va innovatsion yondashuvlarni joriy etish uchun ham muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Ishonchim komilki, bu kabi ilmiy anjumanlar chorvachilik tarmog‘ining yanada rivojlanishiga, zamonaviy ilm-fan yutuqlarining amaliyotga joriy etilishiga va tarmoq oldida turgan dolzarb muammolarga samarali yechim topishga katta hissa qo‘shadi— deydi M.Dosmuxamedova.
Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya chorvachilik sohasi oldida turgan dolzarb muammolarni tahlil qilish, ularning yechimlarini ilmiy asosda ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish borasida samarali muhokamalar maydoni bo‘ldi. Tadbir doirasida ilg‘or tajribalar almashildi, innovatsion yondashuvlar taklif etildi va sohaning kelgusi rivoji uchun ilmiy asoslangan strategiyalar belgilandi. Konferensiyaning natijalari chorvachilik va yaylov xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirishga, samarali boshqaruv tizimlarini shakllantirishga va ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Shubhasiz, bu kabi ilmiy anjumanlar sohaga oid yangi ilmiy izlanishlar uchun mustahkam zamin yaratib, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
скачать dle 12.1