Kelajakka yo‘l ochuvchi tashabbus
Yoshlarning o‘z kasbiy yo‘nalishini belgilashi, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi va innovatsion loyihalarda ishtirok etishi bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Shu maqsadda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalari uchun muhim uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda filial rahbariyati, "O‘zmilliybank" AJ "Kelajakka qadam" markazi direktori o‘rinbasari S.Eshmuratov, o‘quv-uslubiy bo‘limi, marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi hamda 4-kurs talabalari ishtirok etdi. Tadbirni filial direktori, professor A.Esimbetov ochib berdi. Uchrashuv davomida bitiruvchilarga “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida faoliyat yuritayotgan “Kelajakka qadam” markazlari orqali amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi PQ-60, PQ-61, PQ-62-sonli qarorlarining ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda talabalarga o‘z kelajagini rejalashtirish, bandlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kasbiy rivojlanish yo‘llari hamda mehnat bozoridagi ehtiyojlar haqida tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha filial rahbariyati va mutaxassislardan to‘liq javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Mazkur uchrashuv bitiruvchilarning kelgusidagi kasbiy faoliyatini belgilash, ularning bandligi va innovatsion loyihalarda ishtirokini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Filial rahbariyati bitiruvchilarga muvaffaqiyat tilab, ularning kelajakdagi faoliyatida mustahkam poydevor yaratishga harakat qilishlarini ta’kidladi. “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida talabalar o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishi, ilm-fan va amaliyotda o‘z o‘rnini topishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Shunday qilib, ushbu uchrashuv bitiruvchilar uchun muhim bosqich bo‘lib, ularning kelajakdagi kasbiy yo‘nalishini belgilash, innovatsion loyihalar bilan shug‘ullanish va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga yo‘l ochadi.
скачать dle 12.1