Talabalar Berlin safaridan so‘ng e’tirof etildi: Ilmiy tajriba va g‘alabaning taassurotlari
Filialimiz talabalari ilm va innovatsiyalar sari yana bir yirik qadam tashladi! 2024-yil iyun oyida «Kelajak yoshlari» jamoasi Yevropaga sayohat safari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida rasmiy veb-saytimiz va barcha ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum qilgan edik. 2025-yil yanvar oyida jamoa a’zolari Germaniyaning Berlin shahrida 10 kunlik amaliy safarni amalga oshirib, barqaror qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Yevropa tajribasi bilan yaqindan tanishib qaytdilar.
Ushbu jamoa tarkibida 6 nafar talaba bor edi, biroq ulardan faqat 5 nafari Berlinda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jamoa a’zolaridan biri, o‘tgan o‘quv yilida bitirgan Sh.Qarlibaeva, oilaviy sabablarga ko‘ra ushbu safarga bora olmagan edi. Biroq, tashkilotchilar bu holatni e’tiborsiz qoldirmay, 2025-yil 26-mart kuni filialimizga tashrif buyurib, Sh.Qarlibaevani taqdirlashdi.
Tadbirni filial direktori A.Esimbetov ochib berib, talabalarning yutuqlari va ushbu safarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, filial nomidan tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirildi. So‘z navbati Toshkent shahridan tashrif buyurgan mehmonlarga, EUAGRIN loyihasining milliy koordinatori U.Islomov va Ta’lim va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi vakili O.Eshmatovga berildi. Ular ushbu natijaning filial uchun katta yutuq ekanini ta’kidlab, talabalarning faolligi va kreativ fikrlash qobiliyatiga yuqori baho berishdi.
Taqdirlash marosimi davomida Sh.Qarlibaevaga qimmatbaho notebook hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Filialning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Avezimbetov va Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova ham so‘zga chiqib, o‘z tabriklarini bildirishdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, filialimiz talabalari Yevropaga sayohat yo‘llanmasini chinakam mehnat va bilim asosida qo‘lga kiritishdi. Bu g‘alabaning ortida butun filial jamoasi, professor-o‘qituvchilar va talabalar jamoasining fidokorona mehnati yotibdi.
Bu yutuq filialning ilmiy salohiyatini oshirish, talaba-yoshlarni startap loyihalarga jalb etish hamda xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi tadbir esa talaba-yoshlar uchun chinakam motivatsiya bo‘ldi va ularning kelgusidagi yutuqlari uchun ulkan turtki bo‘lib xizmat qiladi.
скачать dle 12.1