Akademik va yoshlar uchrashuvi: Ilm yo‘lidagi jasorat va fidoyilik
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida akademik va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni filial direktori, professor A.Esimbetov ochib, ilm-fan taraqqiyotida yoshlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi va so‘z navbatini Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik, texnika fanlari doktori, professor Reymov Axmed Mambetkarimovichga berdi.
Akademik A.Reymov talaba-yoshlarga murojaat qilib, ilmiy izlanish yo‘lida duch keladigan qiyinchiliklar va ularni yengish yo‘llari haqida batafsil so‘z yuritdi. — Ilm yo‘li – sabr, qat’iyat va tinimsiz izlanishni talab qiladi. Haqiqiy yutuqqa erishish uchun inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishi va unga sodiq qolishi lozim. Hech bir muvaffaqiyat tasodifan kelmaydi, balki mashaqqatli mehnat natijasidir — deydi akademik A.Reymov.
Shuningdek, u ilmiy unvonga erishish jarayoni va zamonaviy texnologiyalarning ilm-fandagi o‘rni haqida ham to‘xtalib o‘tdi. "Bugungi kunda olimning quroli – bilim, texnologiya va innovatsiya. Har bir talaba kelajakda nafaqat o‘ziga, balki jamiyatga foyda keltira oladigan ilmiy ishlanmalar bilan shug‘ullanishi lozim", — dedi A.Reymov.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan akademikka murojaat qilishdi. Ular ilmiy maqolalar yozish sirlaridan tortib, xalqaro konferensiyalarga tayyorgarlik ko‘rish va grant loyihalarida ishtirok etishning muhim jihatlari haqida qimmatli maslahatlar oldilar.
Mazkur uchrashuv nafaqat ilmiy muloqot maydoniga, balki yoshlar uchun ilhom manbaiga aylandi. Tadbir yakunida filial rahbariyati akademik A.Reymovga qimmatli tajriba va yo‘l-yo‘riqlari uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, kelgusida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasida kelishib oldilar. Ushbu uchrashuv yoshlarning ilmga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirib, ularni yangi marralar sari ilhomlantirdi.











Axborot xizmatiскачать dle 12.1