Nukus Tibbiyot va IT texnikumida veterinariya amaliyoti
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali "Veterinariya meditsinasi va farmakologiyasi" kafedrasi mudiri X.Arziyev tashabbusi bilan veterinariya meditsinasi yo‘nalishining bitiruvchi kurs talabalari Nukus tibbiyot va IT texnikumiga tashrif buyurishdi.
Mazkur tashrif davomida talaba-yoshlar texnikumdagi o‘qish jarayoni, ta’lim sifati bilan tanishib, o‘quvchilar bilan o‘zaro muloqot olib bordilar. Ular texnikum o‘quvchilari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lib, ular bilan o‘z sohalari bo‘yicha bilimlarini bo‘lishdilar.
Shuningdek, Toshkent shahridan tashrif buyurgan mutaxassis ishtirokida jarrohlik xonasida amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Ushbu jarayonda talabalar mushukka operatsiya qilish amaliyotini ko‘rsatib, texnikum o‘quvchilarini jarrohlik jarayoni bilan yaqindan tanishtirdilar. Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar o‘zlarining nazariy va amaliy bilimlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tashrif davomida texnikum direktori Yasina Kuralbaevna bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Uchrashuv chog‘ida ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, kelgusida ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Bu tashrif veterinariya meditsinasi yo‘nalishi talabalari uchun muhim amaliy tajriba bo‘lib, ularning kasbiy mahoratini oshirishga hamda kelajakdagi faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi. Talabalar o‘zlari uchun muhim xulosalar chiqarib, kasbiy faoliyatlarida qo‘llashlari mumkin bo‘lgan yangi bilim va tajribalarga ega bo‘ldilar. Ushbu tashrif kelgusida bunday hamkorliklarni davom ettirish va ta’lim jarayonlarini yanada samarali tashkil etish zarurligini ko‘rsatdi.
скачать dle 12.1