"Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!" – Nukusda bayram tantanasi o‘tkazildi
Bugun, 20-mart kuni Nukus shahrida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida umumxalq sayli bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirlari “Do‘stlik” kanali bo‘yida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Saylda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi va talabalar ishtirok etishdi.
Sayl davomida milliy qadriyatlarni ulug‘lashga yo‘naltirilgan turli xil madaniy va san'at dasturlari o‘tkazildi. Talabalar jonli ijroda milliy qo‘shiqlar kuylab, raqsga tushishdi, tomoshabinlar esa ushbu ijrolardan zavq olishdi. Shuningdek, yoshi ulug‘ otaxonlar bayram dasturlarini ko‘rib, qo‘llarini duoga yozib, ezgu niyatlarini bildirishdi. Bu barchaning qalbida o‘ziga xos xotiralar qoldirdi.
Filial direktori A.Esimbetov bayramning ahamiyatini ta'kidlab, bunday tadbirlar barchani bir joyga jamlab, ularga ko‘ngilni oshiradigan shodlik bag‘ishlashini aytib o‘tdi. U, shuningdek, bunday tadbirlar milliy birlikni mustahkamlash, yoshlarga vatanparvarlik va insoniylikni o‘rgatishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. Tantanalar davomida an'anaviy Navro‘z bayrami ruhining keng targ‘ib qilinishi, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash va kelajakka bo‘lgan ishonchni kuchaytirish maqsadida ko‘plab madaniy dasturlar tashkil etildi. Bu bayram nafaqat o‘zbek xalqining qadriyatlarini yodga solib, balki yoshlarni birlashtirishga, ularga o‘z madaniyatiga hurmatni o‘rgatishga xizmat qildi.
скачать dle 12.1