Kitobxon talabalar bellashdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filiali Axborot resurs markazida o‘tkazilgan "Men sevib o‘qigan kitob" mavzusidagi tanlov katta qiziqish bilan o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni o‘qishga undash va adabiyotga bo‘lgan muhabbatlarini rivojlantirish edi.
Tadbir boshida Axborot resurs markazi boshlig‘i Z.Erlepesova hamda yoshlar yetakchisi B.Xojabergenov so‘zga chiqib, tanlovning ahamiyatiga to‘xtalib, ushbu kabi tadbirlarning talabalar o‘rtasida madaniyatli o‘qish va bilim olishni rag‘batlantirishdagi o‘rni haqida gapirishdi. Ular kitobning nafaqat bilim olishda, balki insonning dunyoqarashi va ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashdi. Tanlov davomida ishtirokchilar o‘zlari sevib o‘qigan kitoblarining mazmunini va mohiyatini tushuntirib, o‘qish orqali qanday bilim va tajriba orttirganliklarini o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, ular kitoblar haqidagi test savollarini yechib, o‘z bilimlarini sinab ko‘rdilar. Ishtirokchilarning ko‘pchiligi o‘zlarining o‘qish orqali qiziqarli va foydali bilimlarga ega bo‘lganliklarini aytib o‘tdilar, shuningdek, o‘qigan asarlarini yanada kengroq baholash uchun tanlovning ahamiyati katta ekanligini ta’kidlashdi.
Tanlov yakunida qatnashchilar orasida eng yuqori natijalarga erishganlar taqdirlandi. 2-bosqich 102-guruh talabasi Zarina Zaripbaeva 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, mutloq g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni 207-guruhdan Gulmira Charshanova, uchinchi o‘rinni esa 202-guruh talabasidan Shaxzoda Shanazarova egalladi. G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tanlovda faol qatnashgan bir qator talaba-yoshlar o‘zlarining yuqori bilim va yaxshi ishtiroki bilan turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar. Jumladan, 206-guruh talabasi D.Kengesbaeva «Eng zukko kitobxon», 207-guruh talabasi N.Qalandarova «Eng talabchan kitobxon» 204-guruh talabasi P.Jumabayeva esa «Eng intiluvchan kitobxon» nominatsiyalari bilan taqdirlandi.
Ushbu tanlov, nafaqat kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga, balki talabalarning ma’naviy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, bunday tadbirlar universitetning ijtimoiy va madaniy hayotiga jonli va mazmunli hissa qo‘shmoqda. Tanlovning mazmunli va samimiy atmosferasi ishtirokchilarga yangi bilimlar olish, o‘zlarini namoyon etish va tengdoshlar bilan tajriba almashish imkoniyatini berdi.
скачать dle 12.1