Samarqand davlat veterinariya meditsinası, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Diniy Ekstrеmizm, radikalizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni diniy ekstremizm, radikalizm va terrorizm kabi xavfli ijtimoiy hodisalardan ogoh etish va ularning salbiy oqibatlari haqida xabardor qilish edi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi Nukus shahar bosh mutaxassisi X.Nezamatov, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi terrorizmga qarshi kurash guruhi xodimi A.Orinbayev, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari E.Seytmuratov, filial profilaktika inspektori Q.Qayipnazarov va talabalar ishtirok etishdi.
X.Nezamatov o‘z nutqida diniy ekstremizm va radikalizmning jamiyatga olib keladigan salbiy oqibatlarini yoritib, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va sabr-toqatni rivojlantirishga chaqirdi. A.Orinbayev xavfsizlikni ta'minlashda huquqni muhofaza qilish organlarining roli haqida so‘zlab, yoshlarni ma'naviy jihatdan mustahkam bo‘lishga undadi. E.Seytmuratov va Q.Qayipnazarov esa filialda diniy ekstremizmga qarshi olib borilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi, unda yoshlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob berdilar. Tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi yoshlarni diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishga yanada tayyorlashga yordam berdi. Bunday targ‘ibot tadbirlari yoshlarni ma'naviy va axloqiy jihatdan yetuk, jamiyatga foydali fuqarolar sifatida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega.