Ilm Va Innovatsiya Sari: Yangi O‘zbekiston Qaldirg‘ochlari
28-fevral kuni Toshkent davlat agrar universitetida "Yangi O'zbekistonda Ilm-fan qaldirg'ochlari" mavzusida ikkinchi talabalar respublika ilmiy-amaliy anjumani bo'lib o'tdi. Ushbu anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq Xo‘jaligi Vazirligi tizimidagi oliy ta'lim muassasalarining talabalari ishtirok etib, 200 dan ziyod maqola va 100 ga yaqin startap loyihalari bilan konferensiyada faol qatnashishdi.
Konferensiya doirasida tashkil etilgan turli tanlovlar, eng yaxshi maqolalar, loyihalar va ishlanmalarga bag‘ishlanib, ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha esdalik sovg‘alari, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Bu ilmiy-amaliy tadbir, nafaqat talabalar o‘rtasida innovatsion g‘oyalarni ilgari surish imkonini yaratdi, balki ilm-fan va texnologiya sohasida yoshlarning faol ishtirokini ta'minlashga xizmat qildi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalari ham ushbu anjumanda faol ishtirok etdilar. Filialning iste'dodli yoshlari, o‘zlarining innovatsion loyihalari va ilmiy maqolalari bilan konferensiyada o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishdi.
Quvonarlisi shundaki, filial talabalari orasida 4-bosqich talabasi A.Saginova "Top 10 Innovator" tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va diplom hamda qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi. A.Saginova o‘zining innovatsion yondashuvlari va g‘oyalarini isbotlab, yuqori baholandi.
4-bosqich talabasi A.Baltabayev “Eng yaxshi ishlanma muallifi” nominatsiyasi bo‘yicha sertifikat bilan taqdirlandi. Iqtidorli talabamizning loyihasi e'tirof etildi.
Shuningdek, 4-bosqich talaba qizimiz I.Tursinbaeva “Ideaton-Uzbekistan 2030” tanlovi doirasida “Bilimdon” nominatsiyasida g‘olib bo‘lib, sertifikat bilan taqdirlandi. Uning iqtidori va innovatsion g‘oyalari yuqori baholandi.
Yoshlarning intilishlari va ilm-fan sohasidagi yutuqlari, ularning kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘lishi shubhasizdir. filial talabalari, o‘z bilim va tajribalarini oshirishga intilib, nafaqat o‘zi tahsil olayotgan oliygohning, balki butun respublikaning ilmiy-texnikaviy taraqqiyotiga hissa qo‘shishda harakat qilmoqda.
Bizning talabalarimizning muvaffaqiyatlari, nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki yurtimizdagi ta'lim va ilm-fan sohasining yuqori darajaga ko‘tarilishi uchun ulkan qadamdir. Ularni chin qalbdan tabriklaymiz va kelgusi ilmiy ishlarida yanada yuksak cho‘qqilarni zabt etishlarini tilaymiz!





Axborot xizmatiскачать dle 12.1