Filial jamoasi «Júweri gúrtik kúni» bayramida qatnashdi
2025 yil 25 fevral kuni «Qoraqalpoq ovuli» etno-turistik maskanida «Júweri gúrtik kúni» bayrami keng nishonlandi. Bu sana so‘nggi yillarda an'anaviy tarzda «Júweri gúrtik kúni» sifatida o‘tkaziladi. Bayramda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi. Shuningdek, Bugun filialga Belarus Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar ham milliyligimizning boy merosi bilan yaqindan tanishish maqsadida tadbirga taklif etildi.
Tadbir doirasida Qoraqalpoq xalqining boy madaniyati va milliy qadriyatlari namoyon bo‘lgan birqator tadbirlar tashkil etildi. Maskanning Qora uyida milliy taomlardan dasturxon yozildi va yoshi ulug‘ nuroniylar bilan mazmunli suhbatlar o‘tkazildi. Bu suhbatlarda xalqning tarixiy urf-odatlari, madaniyati va turmush tarziga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, bayramda oshpazlar tanlovi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahoratlarini namoyish etishdi. Tadbir davomida Qoraqalpoq milliy folklor ijrochilarining konsert dasturi ham tashkil etildi, bu esa tomoshabinlar uchun o‘ziga xos madaniy dastur bo‘ldi.
Milliy sport o‘yinlari ham bayramda ahamiyatli o‘rin tutib, ishtirokchilarga turli sport musobaqalarida o‘z mahoratlarini ko‘rsatish imkonini berdi. Xunarmandlar ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, an'anaviy hunarlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bayram madaniy tadbirlar bilan davom etdi va ishtirokchilarga hayotni va ma'naviy merosni qadrlashda muhim bir imkoniyat taqdim etdi. Tadbir yakunida, filial xodimlari madaniy xordik chiqarib, milliy urf-odatlardan ilhomlangan holda qaytdilar.
скачать dle 12.1