Prezident nutqidan ilhomlanib: Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar sari yo‘l
Yoshlar uchun yangi ufqlar: Prezident tashabbuslari va kelajak sari ishonchli yo‘l
Joriy yilning 14-fevral kuni Prezidentimizning Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazgan muloqoti biz yoshlar uchun katta bir ilhom manbai bo‘ldi. Shu muloqotda, men Qoraqalpog‘istondagi faol yoshlar bilan videokonferensiya aloqasi orqali ishtirok etib, Muhtaram Prezidentimizning nutqlarini katta hayajon va ilhom bilan tinglab o‘tirdim. Muloqot davomida Muhtaram Prezidentimizning ilgari surgan tashabbuslari va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, albatta, har birimiz uchun katta motivatsiya, yangi imkoniyatlar va umidlarni taqdim etdi.
Prezidentimiz so‘zining avvalida, yoshlarimizga bo‘lgan ishonchi va ularning Vatanni rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta'kidladi. "Yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi", — degan so‘zlari har bir yoshni o‘ziga ishongan holda oldinga intilishga undaydi. Men, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasining sohibasi va faol yoshlar qatorida bugungi kun va kelajak uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘lishimizning muhimligini yana bir bor chuqur his qilmoqdaman. Prezidentimizning bu so‘zlaridan katta ilhom olganimni aytishni xohlardim. Bu gaplar biz yoshlarni katta mas'uliyat va shijoatli maqsadlar bilan olg‘a qadam tashlashga undaydi.
Shuningdek, Prezidentimiz yoshlarga bo‘lgan ishonchini yana bir bor mustahkamladi. U o‘z so‘zlarida: "Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar", — deb ta'kidladi. Bu so‘zlar biz yoshlarga o‘z maqsadlarimizga erishishda ishonch, katta quvvat va motivatsiya beradi.
Prezidentimizning ilgari surgan tashabbuslari biz yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratadi. Masalan, yoshlar tadbirkorligi uchun ajratilgan 100 million dollar mablag‘ yoshlarga o‘z biznesini boshlashga yordam beradi. Shuningdek, Prezidentimizning yoshlar uchun yaratilayotgan imtiyozli kreditlar, startap loyihalariga qo‘yiladigan investitsiyalar bizga ishonch va yangi g‘oyalarni taqdim etadi. Bu kabi ezgu tashabbuslar yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, yangi yo‘nalishlarda o‘zlarini sinash va rivojlanish uchun zarur resurslar taqdim etadi.
O‘z ta'limimizni yaxshilash va zamonaviy bilimlarni o‘rganish uchun Prezidentimizning yoshlar uchun taqdim etgan imkoniyatlari haqida ham aytishimiz kerak. Prezidentimiz bugungi kunda oliygohlarda tahsil olayotgan yoshlar sonining oshganini va ularning dunyodagi eng yaxshi ta'lim muassasalarida o‘qish imkonini topganini ma'lum qildi. Bu, o‘z navbatida, yoshlarga o‘z bilimlarini yaxshilash va global miqyosda ta'lim olish uchun katta imkoniyatlarni yaratadi. Ushbu muloqoti nafaqat biz, yoshlar uchun yangi istiqbollarni ochishga, balki har birimizni o‘z maqsadlarimizga erishishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbuslarni o‘z ichiga oldi. Ayniqsa, Prezidentimizning kambag‘allikni qisqartirish va ta'limni rivojlantirishga bag‘ishlangan gaplari bizni yanada ilhomlantirdi.
Muloqotda ta'limning kambag‘allikni qisqartirishdagi o‘rni alohida ta'kidlandi. O‘zbekistonda har bir yosh uchun ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, eng avvalo kam ta'minlangan oilalarda o‘qish imkoniyatlarini yaratish uchun ko‘plab yangi tashabbuslar e'lon qilindi. Shundan biri – kambag‘al oilada hech bo‘lmaganda bir farzand oliy ma'lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha qadamlar qo‘yilishi. Bu, albatta, biz yoshlarning kelajagi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, kambag‘al oilaning farzandlariga ta'lim krediti foizsiz berilishi, qo‘shimcha grant ajratilishi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi bizni yanada yanada quvontiradi.
Ammo eng muhimi, men uchun "Yorqin iste'dod" loyihasi bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan bu yangi tizim kam ta'minlangan oilalarda istiqomat qiluvchi iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin moliyaviy qiyinchiliklar tufayli o‘qishga imkoniyati bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish imkoniyatini yaratadi. Har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj va bilim olishni xohlagan yoshlar saralab olinib, ular uchun xorijiy oliygohlar tanlanadi va tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi. Bu, menimcha, har bir yoshga o‘z potensialini namoyon etish va dunyo miqyosida ilm olish imkoniyatini taqdim etadi.
Mening, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi sifatida, ushbu tashabbuslar nafaqat o‘z ilmiy maqsadlarimga erishishda, balki yurtimizning kelajagi uchun katta hissa qo‘shishda va bor salohiyatimni yuzaga chiqarishga yordam beradi. Shuningdek, Prezidentimizning 35 yoshgacha xorijiy davlatlarning ‘top’ oliygohlarida PhD ilmiy darajasiga ega bo‘lgan yoshlar uchun uy va katta miqdorda mablag‘ beriladi degan gapi men uchun juda katta ilhom manbai bo‘ldi. Bu, albatta, biz yoshlarning o‘qish va ilm olishdagi imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Men, ushbu jumlalardan va «Yorqin iste'dod» loyihasidan juda tasirlandim va kelgusida faol bo‘lishga, o‘z bilimimni rivojlantirishga va dunyo miqyosida muvaffaqiyatlarga erishishga qat'iy qaror qildim. Prezidentimizning bu tashabbuslari biz yoshlar uchun yangi ufqlarni ochmoqda va bizni yanada o‘z maqsadlarimiz sari yetaklaydi.
Prezidentimizning so‘zlaridagi eng muhim va eng ilhomlantiruvchi fikrlardan biri shunday bo‘ldi: "Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz". Bu so‘zlar mening fikrimni o‘zaro yoshlar uchun katta mas'uliyat va ulkan imkoniyatlarni his qilishga undaydi. Chunki bilimli va ma'rifatli oila bu — bilimli va ma'rifatli jamiyatning poydevori.
Men Prezidentimizga biz yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi uchun o‘zimning qolaversa, butun qoraqalpog‘istonlik yoshlar nomidan chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman. Uning yoshlarga bo‘lgan ishonchi va ularning kelajagi uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha ilgari surayotgan ezgu tashabbuslari biz yoshlar uchun albatta katta ilhom va motivatsiya bo‘lib, har birimizga yangi yo‘llar, imkoniyatlar va muvaffaqiyatlarga erishish uchun kuch beradi.
Kelgusida men va mening kabi yoshlar yangi maqsadlarga erishish uchun yanada faol bo‘lishga, Prezidentimizning ilgari surgan tashabbuslaridan foydalanib, har bir imkoniyatni yuqori darajada qadrlashga intilamiz. Biz o‘z oldimizga katta maqsadlar qo‘yib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etishimiz kerak.
Raya Eliwbaeva SamVMChBU Nukus filiali 4-bosqich talabasi,
Beruniy nomidagi davlat stipendiyasining sohibasi
скачать dle 12.1