Registrator ofisi: Oliy ta'limda yangi jarayonlar va samarali xizmatlar
Oliy ta'lim tizimi yangilanish yo'lida yana bir muhim qadam tashladi. 2024-2025 o'quv yilidan boshlab, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Registrator ofisi” faoliyati yo'lga qo'yildi. Bu ofis talabalarga xizmat ko'rsatish jarayonini markazlashtirish va optimallashtirishga qaratilgan innovatsion qadamdir. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialida aynan shu yangi tizim tashkil etilib, muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Registrator ofisi o‘quv bo‘limi, dekanatlar, buxgalteriya, marketing va amaliyot bo‘limi, ilmiy, xalqaro aloqalar bo‘limlari kabi muhim xizmatlarni yagona tizimda birlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu tizim talabalar uchun barcha xizmatlarni yagona elektron hujjat aylanishi asosida taqdim etadi. Ushbu integratsiya jarayoni universitetda ish yuritish jarayonlarini avtomatlashtirishni va yanada samarali boshqarishni ta'minlaydi.
Registrotor ofisi talabalar uchun zamonaviy va qulay sharoitlarni yaratish bilan ajralib turadi. Ofisda malakali xodimlar tomonidan talabalar uchun zarur bo'lgan hujjatlar, masalan, talabalik guvohnomasi, o'quv varaqasi, akademik ma'lumotnoma, dars jadvali, davomat va to'lov-kontakt shartnomalari kabilar raqamli tarzda ishlab chiqilib, tez va qulay tarzda taqdim etiladi. Shuningdek, talabalar turar joylariga ariza berish, aylanma varaqalar hamda boshqa ma'lumotlarni olishda ham shu ofisga murojaat qilish mumkin.
Filialda joriy etilgan “Registrator ofisi” nafaqat talabalar uchun qulaylik yaratadi, balki hujjatlarni raqamlashtirish orqali hujjat aylanishini tezlashtiradi. Bu, o'z navbatida, o'quv yili davomida ortiqcha vaqt sarfini kamaytiradi.
Abituriyentlar va birinchi kursga qabul qilingan talabalar uchun hujjatlar ham aynan shu ofis orqali qabul qilinadi. Bu esa jarayonlarni yanada osonlashtiradi va talabalar uchun ko'proq shaffof va samarali xizmat ko'rsatishni ta'minlaydi.
Yangi tizimning joriy etilishi, o'quv jarayonini yanada tezlashtirish va shaffoflashtirish imkoniyatlarini yaratadi. Oliy ta'lim muassasalarida raqamli “Registrator ofisi”ning faoliyati nafaqat talabalar uchun qulayliklar yaratadi, balki universitetlarning ichki jarayonlarini ham samarali boshqarishga imkon beradi. Bu esa o'z navbatida jamiyatdagi bilim va innovatsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
скачать dle 12.1