Filial talabalari Germaniyadan samarali taassurotlar bilan qaytdilar
2024 yil iyun oyida Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talaba-yoshlaridan tarkib topgan «Kelajak yoshlari» jamoasi Yevropaga sayohat safari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida rasmiy veb-saytimiz va barcha OAV orqali ma'lum qilgan edik. 2025 yil yanvar oyida filialimizning talabalari Germaniyaning Berlin shahrida 10 kunlik safarni amalga oshirib, barqaror qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Yevropa tajribasi bilan tanishib, bilimlarini oshirib qaytdilar. Ma'lumot o‘rnida, talabalarning Germaniyaga o‘quv safari Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovasion tizimini rivojlantirish ((EU-AGRIN) loyihasi tomonidan amalga oshirildi.
Safarning dastlabki kunida ular Berlinda har yili yanvar oyida o‘tkaziladigan «Xalqaro yashil haftalik» (International Green Week) xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, 3 kun davomida turli mamlakatlardan kelgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan yaqindan tanishdilar. Bu yilgi tadbirda 61 mamlakatdan 1,400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, ko‘rgazma doirasida seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar orqali oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasiga oid qimmatli ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashishdi. Talabalar ko‘rgazmanda faol ishtirok etdilar va bunday ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligida dunyoning turli davlatlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini chuqur tushundilar. Shuningdek, talabalar ko‘rgazmadan yangi imkoniyatlar va tendensiyalar haqida ma'lumot olishga erishdilar. Issiq va qulay muhitda, fermerlar va tadbirkorlar bilan ochiq suhbatlar o‘tkazib, ularning tajribalari va g‘oyalari bilan tanishdilar.
—«Xalqaro yashil haftalik» ko‘rgazmasi men uchun haqiqatan ham bilim va tajriba almashish maydoni bo‘ldi. Bu tadbir menga oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi qarashlarni ko‘rsatdi. Men ta'lim olayotgan mutaxassisligim uchun orttirgan tajribalarim juda katta ahamiyatga ega deb o‘ylayman. Men Berlinda o‘tkazilgan ushbu tadbirdan katta motivasiya va amaliy ko‘nikmalar bilan qaytdim — deydi 3-kurs talabasi U.Amangeldiev.
«Kelajak yoshlari» jamoasining a'zolari safar davomida belgilangan grafik asosida Leybnits nomidagi sabzavotlar va dekorativ o‘simliklar ilmiy tadqiqot instituti, Berlin shahridagi EUROPA EXPERIENCE mul'timedia markazi, qishloq xo‘jaligi hayvonlari biologiyasi ilmiy tadqiqot instituti, Impact Hub markazi, YPARD (yosh qishloq xo‘jaligi tadqiqotchilari va rivojlanish tashkiloti), Berliner Tafel (oziq-ovqat xayriya tashkiloti) va Berlindagi Yevropa parlamenti uyiga tashrif buyurdilar. Albatta, Germaniyaga yo‘llantirilgan bu o‘quv safari barqaror qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha qiziqishga ega bo‘lgan talabalar uchun yaxshi tajriba bo‘ldi deb o‘ylaymiz. Bu safar talabalarni ilhomlantirishda, ularni innovasion amaliy ishlar, yetakchi tajribalar va zamonaviy qishloq xo‘jaligi model'lari bilan tanishtirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, «Kelajak yoshlari» jamoasining a'zolari yangi g‘oyalar bilan qaytdilar va foydali loyihalarni amalga oshirish uchun yangi yo‘nalishlarni sinab ko‘rishadi.
Safarga chiqqan talabalarimiz o‘zlari egallagan bilimlarini filialdagi guruhdosh do‘stlariga o‘rgatish va Germaniyadagi sayohatning iliq taassurotlarini o‘rtoqlashish uchun uchrashuvlar tashkil etishni rejalashtirdilar. Bilim olishga chanqoq, intiluvchan yoshlarimizning erishayotgan shunday muvaffaqiyatlari o‘z o‘rnida bizni cheksiz quvonchga to‘ldiradi.
—Bu sayohat men uchun hayotimdagi eng ajoyib taassurotlar va motivasiya manbaiga boy tajribalarimdan biri bo‘ldi. Germaniyadagi qishloq xo‘jaligi sohasi va uning yangiliklarga boy yetakchi texnologiyalari bizda iliq fikrlarni shakllantirdi. Bu yerda ilmiy tadqiqot institutlari va fermer xo‘jaliklari yaqindan tanishish orqali ko‘plab amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldim. Bu yerdagi insonlarning mehmondo‘stligi va tartib-qoidalarga qat'iy rioya etishlari sayohat davomida hammamizda iliq fikrlar va taassurotlar qoldirdi.
Shu bilan birga, ushbu sayohat talabalarga nafaqat nazariy, balki amaliy bilimlarni ham berishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Talabalar Yevropa qishloq xo‘jaligi sohasidagi zamonaviy model'lar, innovasion texnologiyalar va ilg‘or tajribalar bilan tanishish orqali, qishloq xo‘jaligidagi global tendensiyalar va innovasion yondashuvlarni o‘rgandilar. Bu sayohat ularga ilg‘or dasturlar va barqaror amaliy tizimlar haqida ma'lumot olishga yordam berib, ularning kasbiy faoliyatlarida yangi g‘oyalarni va zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish imkoniyatini yaratdi. Filial talabalari ushbu tajribalarni o‘zlashtirish va zamonaviy qishloq xo‘jaligi tizimlarini o‘z yurtida qo‘llashga yo‘naltirishga ishtiyoq bilan qaytdilar.
Shu orqali ularning ta'lim olgan sohalariga yangicha yondashuvlarni tatbiq etish, yangi loyihalarni amalga oshirishda katta ta'sir ko‘rsatishga qodir bo‘ldi. Shuningdek sayohat davomida Germaniyaning diqqatga sazavor joylariga tashrif buyurib, xotira daftariga muhim damlarni muhirladidar.
скачать dle 12.1