"Giyohvandlik va psixotrop moddalarga qarshi kurash: yoshlar uchun ta'lim va profilaktika"
Barchamizga ma'lumki, joriy yilning 1-fevral sanasidan 1-mart sanasiga qadar mamlakatimizda keng ko‘lamli “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish oyligi” doirasida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu tadbirlar yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishining oldini olish, ularning zararlari haqida aniq tushunchalar berish va ularning salomatligi uchun xavf tug‘diradigan omillarga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan.
Bugungi kundagi eng muhim masalalardan biri bo‘lgan bu mavzuda targ‘ibot tadbirlari joylarda keng miqyosda tashkil etilmoqda. Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ham ushbu yo‘nalishda muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda filial rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi IIV tezkor-qidiruv departamenti jinoyat qidiruv xizmati boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik A.Matlyubov, O‘zbekiston Respublikasi IIV tezkor-qidiruv departamenti favqulodda ishlar bo‘yicha tezkor vakillari podpolkovnik F.Rajapov, mayor P.Azimbekov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV katta operativ vakili podpolkovnik A.Aldjanov hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning giyohvandlik va psixotrop moddalarning zararlari haqida xabardorliklarini oshirish, ularni bunday moddalardan saqlanishga chaqiruvchi bilim va ko‘nikmalar bilan ta'minlashdan iborat.
Filial direktori A.Esimbetov o‘zining kirish so‘zida ushbu tadbirning ahamiyatini ta'kidlab, yoshlarga mavjud muammoga karshilik ko‘rsatish uchun zarur bilim va ko‘nikmalar olishlarini tavsiya qilib o‘tdi.
Salomatlikka zarar yetkazuvchi ushbu moddalarning tarqalishining oldini olish yo‘lidagi tadbirlar katta ahamiyatga molik. Mazkur chora-tadbirlar yoshlar o‘rtasidagi mavjud va potensial xavflarga qarshi kurashishga, ularga o‘z hayoti va kelajagi uchun mas'ullik hissini rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirda mutaxassislar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning tarqalishining oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar, ushbu muammoning global xavflari va uning yoshlarga bo‘lgan salbiy ta'siri haqida tushunchalar berdi.
Tadbirda ishtirok talabalarning fikrlariga ko‘ra, bu kabi tadbirlar ularning huquqiy va ijtimoiy bilimlarini oshirishga, hayotdagi muhim qarorlar qabul qilishda yordam berishga katta ta'sir ko‘rsatadi. Talabalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning tarqalishining oldini olish va ularga qarshi kurashishning muhim ekanini, buning uchun har bir fuqaro va yoshning faol ishtiroki zarurligini ta'kidladilar.
Shu bilan birga, bunday targ‘ibot tadbirlari yoshlarning salomatligini himoya qilish, ularni har qanday zararli odatlardan saqlanishga o‘rgatish, barqaror va sog‘lom hayot tarzini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur tadbirlar kelajakdagi jinoyatchilikning oldini olish va yoshlarning huquqiy ongini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Axborot xizmati
скачать dle 12.1