Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari filial faoliyati bilan yaqindan tanishdi
2025 yil 30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Jabborov amaliy safar bilan filialga tashrif buyurdi. Tashrif davomida u filial rahbariyati bilan birgalikda o‘quv jarayonlarini mukammallashtirish, moddiy-texnik bazani kuchaytirish va bo‘lajak veterinarlar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha bir qator muhim masalalarni ko‘rib chiqdi.
Sh.Jabborovning tashrifining asosiy maqsadi filialning rivojlanish jarayonlari va talabalarga ta'lim berish sharoitlarini yaxshilash bo‘lib, bu o‘z navbatida bo‘lajak veterinarlarning soha bo‘yicha bilim olish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Safarning dastlabki qismida, Sh.Jabborov filial hududida qo‘mita tashabbusi bilan qurilayotgan 400 o‘ringa mo‘ljallangan 6-qavatdan iborat talabalar turar joyi binosining qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. O‘z o‘rnida, talabalar uchun qulay va zamonaviy turar joylarini tashkil qilish, ta'limning sifatiga katta ta'sir ko‘rsatishi va ularning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga turkti bo‘lishi ta'kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Sh.Jabborov filialning o‘quv laboratoriya xonalari, vivariy, auditoriyalar va registrator ofis faoliyatini yaqindan o‘rgandi. Talaba-yoshlar bilan samimiy muloqot olib bordi. – Faqat o‘qing, izlaning, bilimlarni yaxshi o‘zlashtirib malakali veterinar shifokori bo‘lishga intiling. Har doim yangilanishlar bilan hamnafas bo‘ling– deydi Sh.Jabborov. Shuningdek u o‘z so‘zida qo‘mita rahbariyati filialni moddiy tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi bildirdi. Jumladan, laboratoriyalarni zarur jihozlar bilan ta'minlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratish bo‘yicha topshiriqlarni berdi.
Sh.Jabborovning ta'kidlashicha, filialning ilmiy, amaliy va texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan barcha sa'y-harakatlar o‘zini har tomonlama oqlaydi va rivojlanishga yo‘l ochadi. U Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutidan filialga zarur jihozlar va veterinariya sohasiga oid monografiyalarni olib kelish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu qadam veterinariya sohasidagi ilm-fan va amaliyotning hamohang rivojlanishini ta'minlaydi.
Sh.Jabborovning filialga tashrifida bildirilgan fikrlar va belgilangan vazifalar sohadagi tadqiqotlar uchun muhim asos yaratadi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tashabbusi asosida zarur jihozlar bilan ta'minlash orqali filial faoliyati yanada samarali bo‘lib, yangi avlod ilmiy kadrlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Buning natijasida mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, ta'lim va innovatsiyalar rivoji yanada tezlashadi.
Sh.Jabborovning mazkur tashrifi filialning yanada rivojlanishiga yangi turtki bo‘lib, veterinariya va chorvachilik sohasining zamonaviy talablariga mos ravishda taraqqiyotini ta'minlashga xizmat qiladi. Sohadagi ilmiy tadqiqotlar, ta'lim va innovatsiyalar rivoji orqali, kelgusida raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqib, katta yuutuqlarga erishish yo‘lida muhim qadamlar qo'yiladi.
скачать dle 12.1