Ishchi guruh vakillari filial sharoitlarini o‘rganishdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh a'zolari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bo‘lib, uning ta'lim va ilmiy-amaliy sharoitlarini o‘rganishdi.
Ishchi guruhi vakillari filialning o‘quv laboratoriyalari, yotoqxona, sport zal, vivariy, registrator ofis, kompyuter xonalari va kutubxona va boshqa infratuzilmalarni o‘rganib, talabalar uchun yaratilgan barcha qulayliklar va ta'lim jarayoniga bo‘lgan ta'sirini o‘rganishdi. Maxsus o‘rganishlarda filialning asosiy infratuzilmalari hamda talabalarning har tomonlama rivojlanishini ta'minlaydigan sharoitlar tahlil qilindi.
Ishchi guruh a'zolari o‘quv laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini bilan yaqindan tanishib, zamonaviy laboratoriya jihozlari va amaliyotga mos usullar bilan ta'minlangani, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, o‘quv xonalarida talabalarning diqqatini chalg‘itmaydigan muhit va zarur o‘quv resurslarini ta'minlanganiga alohida e'tibor qaratildi.
Talabalar turar joyida bo‘lib, u yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yotoqxonada istiqomat qilayotgan talabalarga qulay muhit yaratilganligi tekshirildi. Shu bilan birga, sport zalining zamonaviy jihozlar bilan ta'minlanganligi, talabalarning sog‘lom turmush tarziga rag‘batlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga yo‘naltirilgani qayd etildi.
Ishchi guruh vivariy (ilmiy tadqiqotlar uchun hayvonlarni saqlash laboratoriyasi) hamda ularga bog‘liq ilmiy tadqiqotlar sharoitlarini ham ko‘rib chiqdi. Vivariyning jihozlanishi va talabalarga ilmiy amaliyotlar uchun qulay muhit yaratishdagi ahamiyati muhokama qilindi. Bo‘lajak yosh veterinarlar uchun amaliy tajribalarni o‘tkazishda yetarli imkoniyatlar yaratib berilgani ma'lum bo‘ldi.
Registrator ofisining faoliyati bilan tanishish davomida talabalarga tez va samarali xizmat ko‘rsatish juda muhim ekanligi ta'kidlandi. Ishchi guruh a'zolari ushbu joyni alohida o‘rganib, talabalarga xizmat ko‘rsatishning tizimlashtirilgan va samarali tartibda ishlashini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan takliflarni bildirishdi.
Olib borilgan o‘rganishlarning asosiy maqsadi atlabalarning ta'lim jarayonidagi faolligini oshirish, ilmiy-amaliy ishlarning sifatini yanada oshirish, shuningdek, ta'lim muassasasining infratuzilmasini yanada yaxshilashga qaratilgan. Laboratoriyalar, o‘quv xonalari va boshqa shart-sharoitlardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi ta'kidlandi. O‘rganishlardan so‘ng ishchi guruh vakillari bir qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdi.
Ushbu ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan tekshirishlar va tahlillar Nukus filialidagi ta'lim va ilmiy sharoitlarning samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan. Maqsad – talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, oliy ta'lim tizimini zamonaviy talablarga moslashtirish va global standartlarga javob beruvchi ta'lim muassasasini shakllantirishdir. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekiston oliy ta'lim tizimining rivojlanishida muhim qadam bo‘lib, kelajakda ta'limning sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
скачать dle 12.1