«Direktor talabalar bilan doimiy muloqotda bo‘lishi zarur, shunda ta’limda muvaffaqiyatga erishamiz»
2025-yil 21-yanvar kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida «Direktor va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazildi. Tadbirda filial direktori A.Esimbetov va talaba-yoshlar o‘rtasida samimiy muloqot o‘rnatildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, filialdagi turli jarayonlar haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Ushbu uchrashuvda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, hozirda davom etayotgan imtihonlar jarayonining adolatli va shaffof o‘tkazilishi mavzusi ko‘tarildi. Talabalar imtihonlarda korrupsiya va tamagirlikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladilar. Filial direktori, imtihonlar jarayonida har qanday noxush holatlarning oldini olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotganini aytib, talabalarga o‘z ishonchini bildirib o‘tdi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun ko‘rsatilayotgan yordam masalasi ham muhokama qilindi. Bu toifadagi talabalarga filial rahbariyati tomonidan imkon darajasida moliyaviy va psixologik yordam berilayotganligi ta’kidlandi. Shuningdek, bu masalada qo‘shimcha yordam ko‘rsatish uchun zarur choralar ko‘rilishi bildirildi.
O‘qish va ilmiy faoliyat bo‘yicha ham bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Talabalar ilmiy tadqiqotlar olib borish, yangi texnologiyalarni o‘rganish va o‘quv jarayonlarini yangilash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi. Direktor, ilmiy ishlarni yanada rivojlantirish va talabalarni ilm-fan sohasida faol ishtirok etishga undash borasida ijobiy ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
— Sizlarning asosiy maqsadingiz – sifatli ta’lim olish va yaxshi natijalar ko‘rsatish. Biz, filial rahbariyati, sizlarga eng yaxshi ta’lim sharoitlarini yaratishga harakat qilamiz. Biroq, sizlarning har biringizning o‘z ustingizda ishlashingiz, bilim olishga bo‘lgan intilishlaringiz va o‘zgarishlarga tayyorligingiz ayni paytda eng muhim omil hisoblanadi. Ta’lim jarayoni faqatgina o‘qituvchilar va universitet tomonidan taqdim etilgan imkoniyatlar bilan chegaralanib qolmaydi. Har bir talaba o‘zining bilim olishdagi mas’uliyatini, o‘qishga bo‘lgan mas’uliyatini tushunishi kerak. Sizlarning muvaffaqiyatlaringiz sizning o‘z qiziqishlaringiz, ishlash istagingiz va bilim olishga bo‘lgan intilishlaringizga bog‘liq. Biz esa, universitet sifatida, sizlarga barcha zarur sharoitlarni yaratish, kerakli yordamni ko‘rsatish va ilmiy faoliyatda o‘z salohiyatingizni rivojlantirishingiz uchun maksimal imkoniyatlarni taqdim etishga tayyormiz —deydi A.Esimbetov.
Uchrashuv yakunida, direktor talabalar bilan doimiy ravishda muloqot qilishga tayyorligini va ularning barcha takliflarini inobatga olishga harakat qilayotganini ma’lum qildi. Talabalar ham bu kabi uchrashuvlar doimiy ravishda o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlab, o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Ushbu uchrashuv, talabalar va direktor o‘rtasida ochiq muloqot o‘rnatish, talabalar muammolarini tinglash va ularga yechim topish borasida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Direktor A.Esimbetov talaba-yoshlar bilan o‘zaro muloqotni mustahkamlash, ularning ehtiyojlariga yanada ko‘proq e’tibor qaratish va ta'lim sifatini yanada oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Bu kabi uchrashuvlar, albatta, o‘qish jarayonini yanada takomillashtirishga va talabalar salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.





Axborot xizmatiскачать dle 12.1