SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALIYangi yil munosabati bilan direktor tabrigi » SAMARQAND VETERINARIYA MEDITSINASI INSTITUTI NUKUS FILIAL
SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
Assalomu alaykum, qimmatli filial jamoasi, talabalar va Respublikamiz ahli!
Sizlarni kirib kelayotgan yangi 2025 yil bilan chin dildan tabriklayman. Yangi yil har birimiz uchun yangi imkoniyatlar, ilhom va katta umidlar bilan to‘la bo‘lishiga ishonaman. Ushbu voqea har birimiz uchun yangi imkoniyatlar, qo‘lga kiritiladigan yutuqlar va birgalikda amalga oshiriladigan maqsadlardan iborat bo‘lsin. Meni o‘zimning katta istaklarim bilan yondoshishim va samimiy tabriklarimni sizlarga yetkazish imkonini berayotgan 2024-yil, filial tarixida eng yorqin va ajoyib yillardan biri bo‘ldi. Barchamiz ushbu yilni katta quvonch va ulkan muvaffaqiyatlar bilan yodga olamiz.
Joriy yilda filialimiz turli yo‘nalishlar bo‘yicha ilg‘or natijalarga erishdi. Filial tarixida katta o‘zgarishlar va innovatsion loyihalar hayotga tadbiq etildi.
Bu yil 1 kunduzgi bakalavriat va 3 ta magistratura yo‘nalishlari yangidan ochildi, shuningdek, yangi o‘quv laboratoriyalari hamda zamonaviy jihozlar filialimizga hamda talabalarimizga xizmat qilishga start berdi. 29 nomdagi 428,8 mln so‘mlik mablag‘ bilan yangilangan 4 ta o‘quv laboratoriyasi "Islom taraqqiyoti banki" tomonidan zamonaviy sharoitlarda jihozlandi. Bu laboratoriyalarda talabalarimiz ilmiy tadqiqotlar, tajribalar olib borish va o‘zlarining ilmiy salohiyatlarini oshirishga imkoniyatga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, filialimizda katta yangi ishlarning boshlanishiga guvoh bo‘ldik. 563-sonli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi qarorga muvofiq, xususan "ARGONYA" MChJ tomonidan 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishi boshlandi. Bu yirik loyiha talabalarimizning zamonaviy, qulay va ijodiy muhitda o‘qish va hayot kechirishlari uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.
Bugungi kunda oliy ta'lim sohasida talabalarning nazariy bilimlarini yanada mustahkamlashda o‘qish jarayoniga xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. filialda ushbu masalaga ijobiy yondashuv olib borgan holda qo‘shni davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlarining professorlari talabalarga offline tarzda dars berishga jalb etildi. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida ushbu oliygohning “Biologik xavfsizlik” kafedrasi professori, veterinariya fanlari nomzodi Mavlonov Amangeldi Zamanovich filial talabalariga ma'ruza o‘tdi. Shuningdek, ushbu dunyoning nufuzli TOP-1000 universitetlar qatoriga kiruvchi Qozog‘iston Milliy Agrar Tadqiqot Universitetida filialning 5 nafar professor-o‘qituvchilari malaka oshirish va mahorat darslari olib borish uchun faoliyat olib bordilar. Ushbu treninglar va ilmiy faoliyat davomida, ular xalqaro ta’lim tizimining eng zamonaviy metodlarini o‘rgandilar va sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Bu talabalarimiz uchun yangi bilim manbalarini yaratish va o‘qitish jarayonining sifatini oshirish uchun katta qadamdir. Xulosa qilib aytganda, xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali biz nafaqat ta’lim sifatini yaxshilamoqdamiz, balki talabalarga dunyo miqyosida tan olingan ilmiy bilimlarni olish imkonini yaratmoqdamiz. Bu esa o‘z navbatida, kelajakdagi muvaffaqiyatlarimizning poydevorini tashkil etadi. Professor-o‘qituvchilar haqida so‘z ketar ekan, shuni alohida ta'kidlab o‘tishimiz joiz,
peshqadam professor-o‘qituvchilarimizning ilmiy ishlarida ham sezilarli natijalar kuzatildi. Joriy yil davomida 5 nafar professor-o‘qituvchilar va tayanch doktorantlar (PhD) dissertatsiya ishlari bo‘yicha muvaffaqiyatli himoya qilishdi. Bu esa, o‘z navbatida, nafaqat ularning ilmiy salohiyatini, balki filialimizning ta’lim sifati va ilmiy tadqiqotlarga bo‘lgan yondashuvini ham namoyon etdi. Shuningdek, 3 nafar o‘qituvchimiz dotsent ilmiy unvonini olish baxtiga muyassar bo‘lishdi. Bu ularga nafaqat o‘z kasbiy mahoratini oshirish, balki talabalar bilan samarali ishlash imkoniyatini ham berdi.
Mana shunday katta tajribalarga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilardan sifatli ta'lim olib kelayotgan talaba-yoshlar ham ijobiy natijalarga erishib kelmoqda. 2024 yilda filialimiz talabalari nafaqat oliy ta'lim sohasidagi yutuqlari bilan, balki xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ham yuqori natijalarga erishdi. Bizning talabalarimiz, o‘zlarining bilimlari, iqtidorlari va faolligini ilmiy ishlarda va sportda namoyish etishdi. Yana bir faxrli yangilikni alohida ta'kidlash joiz, shu yilgi yana bir bizni juda quvontirgan katta yutuqlarimizdan biri O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 11-dekabrdagi “2024/2025 o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash to‘g‘risida”gi 464-son buyrug‘iga muvofiq, filialimizdagi 5 nafar talabalar Prezidenti stipendiyasi va nomdor davlat stipendiyalariga loyiq deb topildi.
Jumladan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasining g‘olibi: Madetova Nilufar Maxkamjan qizi – Veterinariya sanitariya ekspertizasi yo‘nalishining 4-kurs talabasi; Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasining g‘olibi: Saginova Aygerim Sisenbayevna – Veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari yo‘nalishining 4-kurs talabasi; Ibrayim Yusupov nomidagi davlat stipendiyasining g‘olibi: Sarsenbaev Ilham Eliwbay o‘g‘li – Veterinariya tibbiyoti yo‘nalishining 3-kurs talabasi; To‘lepbergen Qaipbergenov nomidagi davlat stipendiyasining g‘olibi: Amangeldiev Ulug‘bek Alisherovich – Zooinjeneriya (qorako‘lchilik) yo‘nalishining 3-kurs talabasi. Beruniy nomidagi davlat stipendiyasining g‘olibi: Eliwbaeva Raya Orazbay qizi – Veterinariya sanitariya ekspertizasi yo‘nalishining 4-kurs talabasi.
Iqtidorli talaba-yoshlarimiz o‘zlarining innovatsion g‘oyalarini ilgari surib katta natijalarni qo‘lga kiritdi. 2024-yil 13-iyunkuni kuni Tashkent davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tgan «Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi» ko‘rik-tanlovining final bosqichida filialning «Kelajak yoshlari» jamoasi 1-o‘rinni egallab finalda mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Taqdirlash morasimida g‘olib bo‘lgan talabalar diplom va Yevropaga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2025-yil yanvar oyida germaniyaga sayohatga jo‘nab ketishi rejalashtirilmoqda. Albatta, bu filial uchun katta bir g‘urur bilan tilga oladigan muvaffaqiyat bo‘ldi.
2024 yilda talabalarimiz sport bo‘yicha ham muhim natijalarga erishdi. Sport sohasiga ham alohida e'tibor ko‘rsatib kelayotganligimiz ham o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatdi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasi yo‘nalishi 4-bosqichida tahsil olayotgan Serimbetova Kamilabanu Tenelbaevna joriy yilning 2-3-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan sportning “O‘zbek Jang San'ati” sport turi bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi bahslarda -60 kg vazn toifasida qatnashib, jahon chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur g‘alaba Kamilabanuning sport sohasidagi navbatdagi muvaffaqiyati desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, talabamiz shu kunga qadar sportning ushbu turidan Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 3-o‘rinni egallab bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2023 yil bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida fahrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, oltin medal sohibasiga aylangan edi. Qahramonimiz ushbu katta yutuqlari uchun filial rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va pul mukofati bilan taqdirlandi. Yana bir g‘urur bilan e'tirof qilib o‘tishimiz zarur bo‘lgan sport sohasidagi yutug‘imiz 2024 yil 27-30 oktyabr kunlari Toshkent shahrida imkoniyati cheklanganlar orasida o‘tkazilgan Para oq orishdan sport musobaqasida filialning 1-bosqich talabasi 1-o‘rinni egalladi.
Mana, yana bir yil yakunlanib bormoqda. 2024-yil, albatta, bizning filial tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ushbu yil bizning barcha sa'y-harakatlarimiz samarasini berdi, katta yutuqlarga erishdik va faol ishlashda yangi bosqichga o‘tdik. Yil davomida biz o‘z maqsadlarimizga hamjihatlikda erishib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash orqali katta muvaffaqiyatlarga erishdik.
Bugun, yangi yilni kutib olish arafasida, hamjihatlikda amalga oshirgan ishlarimizni xotirlab, bu yilning qalbimizda yorqin va shirindek esdaliklar qoldirganini ta'kidlab o‘tmoqchiman. Biz birgalikda olib borgan ishlarimiz, qo‘ygan rejalarga erishishdagi fidoyiligimiz, bir-birimizga bo‘lgan hurmat va hamkorlik bizning umumiy yutug‘imizni ta'minladi. Har bir xodimning mehnati, samimiyati va mas'uliyati tufayli biz yangi yutuqlarga erishdik va filialimizni yanada rivojlantirdik.
Bunday muvaffaqiyatlarga erishishda jamoamizdagi hamjihatlik va bir-birimizni tushunish juda katta ahamiyat kasb etdi. Har biringizning fidoyiligingiz va sa'y-harakatlaringizni qadrlayman. Yangi yil bizga yanada yuksak marralarni zabt etish, yangi imkoniyatlarni kashf etish va yangi maqsadlar sari intilish uchun keng yo‘l ochadi.
Kelgusi yil bizga yanada ko‘proq yutuqlar, muvaffaqiyatlar va baxtiyorlik olib kelsin. Yangi yil barcha uchun omadli, sog‘lom va samarali o‘tishini tilayman. Bizning birgalikdagi ishlashimiz, bir-birimizga bo‘lgan ishonchimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz bizni yanada yuksak natijalarga olib boradi.
Sizlarga barcha ezgu tilaklarimni bildiraman! Yangi yil barchamizga quvonch, baxt va yangi yutuqlar olib kelsin!
Hurmat bilan biologiya fanlari doktori, professor Esimbetov Adilbay Tlepovich