Taniqli shoira talaba-yoshlar bilan uchrashdi: Sizlar majoziy ma'noda bir daraxt bo‘ling, yaqinlaringiz soyangizda orom olsin
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida adabiyot va madaniyatni targ‘ib qilishga qaratilgan navbatdagi yana bir ajoyib tadbir o‘tkazildi. Filialga taniqli shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi va «El-yurt hurmati» ordeni sohibasi Gavhar Inoyatovna Ibodullayeva tashrif buyurdi.
Tadbirda shoira talaba-yoshlar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazib, o‘zining boy ijodiy va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Filialning majlislar zalida o‘tkazilgan uchrashuvda, Gavhar Inoyatovna o‘zining ijodiy faoliyatini, yozuvchilik yo‘lida duch kelgan qiyinchiliklar va yutuqlarini talabalarga yetkazdi. Tadbirni o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q. Atnazarov ochib berdi. U yoshlarni madaniyat va adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirish, ilm-fan va san’atni birlashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, filologiya fanlari nomzodi A. Abdiyev ham so‘zga chiqib, yoshlarni ilm-fan va adabiyot sohasida yangiliklarni izlashga, o‘z ijodini rivojlantirishga undadi. Suhbat davomida shoira yoshlarni adabiyotga, san’atga va ilm-fanga bo‘lgan mehr-muhabbatlarini yanada kuchaytirishga chaqirdi. Qahramonimiz talaba-yoshlarga ijod yo‘liga qanday kirib kelganligi va duch kelgan qiyinchiliklari haqida hayotiy voqealarni aytib berdi. O‘z o‘g‘li Sarvarbekka atab yozilgan «Vazifa» she'rini o‘qib bergani esa talaba-yoshlarda alohida iliq taassurot qoldirdi. —Sizlar majoziy ma'noda bir daraxt bo‘ling, yaqinlaringiz soyangizda xotirjam bo‘lib, orom olsin, majoziy ma'noda daraxt bo‘ling, kurtak yozing, dilingizga yaqin insonlarga suyanch bo‘ladigan kichik bir daraxt bo‘lishiga harakat qiling —deydi shoira.
Tadbirning o‘ziga xos jihatlaridan biri, shoiraning yoshlar bilan faqat adabiyot haqida emas, balki jamiyat va tabiatni asrab-avaylash, ularning kelajagi uchun foydali ishlar qilish haqidagi fikrlarini baham ko‘rganligida edi. Uchrashuvdan keyin, shoira Gavhar Inoyatovna Ibodullayeva va talabalar bilan birgalikda filial hududida daraxt ko‘chatlari o‘tqazish tadbiri o‘tkazildi. Ushbu aksiyaning maqsadi yoshlarni ekologik mas'uliyatga, tabiatni asrab-avaylashga chaqirish hamda ular uchun yaxshilik va ezgu niyatlar bilan yangi hayot boshlashga turtki berishdir.
Filialdagi yoshlarning intellektual qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan yana bir tadbir «Zakovat» intellektual o‘yini bo‘ldi. Ushbu o‘yinda talabalar jamoalar shaklida ishtirok etib, shoira Gavhar Inoyatovna va boshqa adabiyotshunoslarning ijodiy faoliyati, shuningdek, adabiyot sohasidagi muhim voqealar haqida qiziqarli savollarga javob berishdi. O‘yin davomida talabalar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazib, tezkor fikrlash va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirdilar. G‘olib bo‘lgan jamoalar esa diplom bilan taqdirlandi.
Ushbu tadbirlar davomida talabalar nafaqat adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirib, balki shoiralarning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishib, ulardan ilhom oldilar. «Maʼrifat ulashib» loyihasi, filiali talabalarining madaniy, ma'naviy va ilmiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shoira Gavhar Inoyatovna Ibodullayeva bilan o‘tkazilgan uchrashuv, yoshlarni faqat ijodiy sohalarda emas, balki hayotda o‘z yo‘llarini topish, muammolarga ijodiy yondashish, insoniy fazilatlarni qadrlashga undadi.
Xulosa qilib aytganda, «Maʼrifat ulashib» loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar nafaqat adabiyotga qiziqqan yoshlarni birlashtirdi, balki ularni ilm-fan, tabiatni asrab-avaylash va madaniyatni rivojlantirish kabi muhim masalalar yuzasidan birlashtirdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarni yanada yetuk, ma'naviy boy va ilmiy taraqqiyotga intilishga ilhomlantiradi.
Axborot xizmatiскачать dle 12.1