Filialda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi nishonlandi
Joriy yilning 5-dekabr kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi P.Aytniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining katta yordamchisi G.Alewova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisining yordamchisi N.Nurimbetov, filial rahbariyati hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Bayram tadbirida dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q.Atanazarov kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 32 yil to‘lishi munosabati bilan qizg‘in tabrikladi. Tadbirda so‘zga chiqqan ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizdagi huquqiy tartib, ijtimoiy adolat va davlat mustahkamligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadigan hujjat ekanligini ta'kidladilar. Ushbu Konstitutsiya nafaqat mamlakatning asosiy huquqiy me'yorlarini belgilab beradi, balki inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi muhim mexanizmi sifatida xizmat qiladi.
Konstitutsiyaning qabul qilinishi mamlakatning taraqqiyoti va inson huquqlarini ta'minlash borasidagi qo‘llanilgan aniq chora-tadbirlarning asosi bo‘ldi. Uning qabul qilinishi O‘zbekiston tarixidagi muhim voqea bo‘lib, xalqimizning demokratiya, huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi intilishlarini yanada mustahkamladi.
P.Aytniyazov o‘z so‘zida, talaba-yoshlar orasida Konstitutsiyaning mazmun va mohiyatini keng targ‘ib qilish, uning qoidalarini jamiyatga tanishtirish muhimligini ta'kidlab, Konstitusiyaga kiritilgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistonning islohotlar yo‘lidagi qadamlarining samaradorligini oshirish uchun Konstitutsiyaning amaldagi qoidalariga rioya qilish, uning asosiy prinsiplariga amal qilish zarurligini qayd etdi.
G.Alewova va N.Nurimbetov Konstitutsiyaning davlat organlari, sud hokimiyati va fuqarolik huquqlari bilan bog‘liq bandlariga chuqur e'tibor qaratish kerakligini ta'kidladilar. Ular shunday yo‘l bilan davlat va jamiyat barqarorligini ta'minlash mumkinligini aytishdi.
Tadbirning ahamiyati shundaki, u Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish, huquqiy madaniyatni oshirish va Konstitutsiyaviy qoidalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan bo‘lib, talaba-yoshlar uchun muhim ma'naviy va huquqiy tarbiya manbai bo‘ldi. Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan yoshlar o‘z fikr va qarashlarini bildirib, Konstitutsiyaning jamiyat taraqqiyotidagi roli va ahamiyati haqida gapirib o‘tishdi. Bu tadbir yoshlarning Konstitutsiyaga bo‘lgan hurmatini yanada oshirish va ularni mamlakatimizning huquqiy jarayonlariga faol jalb qilishga qaratilgan muhim bir qadam bo‘ldi.
скачать dle 12.1