Yosh ijodkorning dastlabki qadami: Filial talabasining ilk kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Adabiy ijodi va ma'rifatparvarlik faoliyati bilan tanilgan Abdulhamid Cho‘lponning «Adabiyot yashasa – millat yashar» degan ajoyib jumlasi adabiyotning millat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini chuqur anglatadi. Prezidentimiz ham “Adabiyot – xalqning yuragi” deya bejizga e'tirof etmagan. Shu bois, bugungi kunda mamlakatimizda yosh iste'dod sohiblarini aniqlash, ular bilan hamkorlikda ishlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, yosh iste'dod egalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ularning kitoblari nashr qilinib, taqdimotlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida «Birinchi kitobim» mavzusida bitiruvchi bosqich talabasi B.Kalievning kitob taqdimoti kechasi o‘tkazildi.
Adabiy kechada Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, filologiya fanlari nomzodi A.Abdiev, Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova va «Zooinjeneriya» kafedrasi mudiri X.Mamatov hamda adabiyotga qiziqadigan talaba-yoshlar qatnashishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar, kun qahramonini ijodga ilk qadamlarini qo‘yishi munosabati bilan samimiy tabriklab ezgu tilaklarini bildirib o‘tishdi.
Kechada asosiy e'tibor yosh ijodkor B.Kalievning ilk kitobi – «O‘z ertagingni yoz» nomli proza yo‘nalishidagi kitobi taqdimotiga qaratildi. Kitob, o‘zining hayotdan olingan to‘rt asosiy xislatlari bilan o‘zgacha ahamiyat kasb etadi: ilhom, g‘ayrat, sof his-tuyg‘ular va kurash. B.Kalievning ijodiy yo‘li, juda yangi bo‘lsa-da, kelajakda katta adabiy muhitdan o‘rin olishga to‘la sazovorligiga ishonamiz. Uning kitobi adabiyotga ham, yoshlarning dunyoqarashiga ham ijobiy ta'sir qilishi mumkin. U o‘z kitobida o‘zi ko‘rgan va his etgan voqealarni to‘g‘ri va ta'sirchan ta'riflashga uringan. Bu, o‘z navbatida, yosh ijodkorlarga ilhom berishga, ularning ijodiy sa'y-harakatlariga ko‘maklashishga imkon yaratdi.
— Yoshlarning adabiy faoliyatiga e'tibor qaratish har bir yosh ijodkorning qadrlanishini va unga ijodiy ilhom berishni anglatadi. Men B.Kalievning kitobi – bu haqiqiy yosh yozuvchining birinchi qadami, va u katta ishlarning boshlanishidir deya ta'riflagan bo‘lar edim—deydi Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi A.Abdiev —«O‘z ertagingni yoz» kitobida biz ko‘rib yurgan va e'tibor bermaydigan, oddiy, lekin aniq va hayotiy haqiqatlar bayon qilingan. Yoshlarning ijodiy faoliyatidagi muvaffaqiyatlar juda muhimdir, chunki ular jamiyatning ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan yoshlar bo‘lib, kelajakda ular adabiy muhitni yangi va mukammal bosqichga olib chiqishlari mumkin.
B.Kaliev muallifligidagi kitob juda ta'sirchan va yoshlarning his-tuyg‘ularini ochib berishga qaratilganligi bilan ham qiziqarli bo‘ldi.
Tadbirda yosh ijodkorga ijobiy fikrlar bildirildi, uning kelgusi faoliyatida omadlar tilab, kelgusi ijodiy sa'y-harakatlariga kuchli motivasiya berildi. Shuningdek, uning eng faol talabalar safida ekanligi alohida e'tirof qilinib, erishib kelayotgan yutuqlari ta'kidlab o‘tildi.
Guruh rahbari A.Nametov rahbarligida guruhdosh do‘stlari kun qahramonini qutlab, esdalik sovg‘alarini topshirishdi. Bunday qo‘llab-quvvatlashlar albatta yosh ijodkorning adabiyotga qiziqishini yanada oshirib ijod yo‘liga yangi qadamlar qo‘yishga turki bo‘ladi deb o‘ylaymiz.
Ma'lumot o‘rnida, B.Kalievning «O‘z ertagingni yoz» kitobi 100 nusxada chop etildi. Bundan avval filialning 3-bosqich talabasi Sardor Boboboyevning «Ko‘kdala tongi» hamda 4-bosqich talabasi I.Tursinbaevaning ham «Ijodim debochasi» nomli kitoblari chop etilgan edi. Bu o‘z o‘rnida filialda veterinariya va zooinjeneriya yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarga ijod qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligini isbotlaydi. Axir, Taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatovning ham mutaxassisligi ham zootexnika bo‘lgan.
скачать dle 12.1