Filial jamoasi va talabalari «Ziyolilar bog‘i»ni borpo etishda ezgu hissalarini qo‘shdi
Bugun, 9-oktarb kuni Nukus shahridagi «Oqqush» majmuasi hududi atrofida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikamizdagi barcha oliy va kasbiy ta’lim muassasalari rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari og‘izbirchilikda “Yashil kelajak” umumrespublika marafonida ishtirok etishdi. Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaev va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov so‘zga chiqib, ezgu tashabbus asosida tashkil etilayotgan marafonga start berishdi.
Ushbu yer maydonida «Ziyolilar bog‘i»ni borpo etish singari ezgu maqsad ko‘zlangan tadbir davomida 8 gektar yer maydoniga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Tadbirda 200 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, 1500 nafarga yaqin ko‘ngilli talabalar qatnashdi. Shular qatorida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ham “Yashil kelajak” umumrespublika marafonida faol ishtirok etishib, «Ziyolilar bog‘i» borpo etilishida o‘zlarining ezgu hissalarini qo‘shdilar.
— Muhtaram Prezidentimizning ezgu tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlardan ilhomlanib o‘tkazilayotgan mazkur marafon barchamiz, ayniqsa talaba-yoshlar uchun katta motivatsiya bo‘ladi deb o‘ylayman— deydi filial direktori Adilbay Esimbetov — 1500 nafarga yaqin yoshlarni bir joyga jamlagan tadbirda filial jamoasi va talabalari bilan hamjihatlikda faol ishtirok etishga harakat qildik.
Ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdik. Bugun chin ma'noda ziyolilar jam bo‘lib, bog‘ yaratishdi va mana shunday ezgu ishga hissa qo‘shganimizdan juda mamnun bo‘ldik. Tadbir juda ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Talaba-yoshlar tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlarga raqs tushib, haqiqiy atmosferani his qilishdi. Bugun yaxshi niyatlarda ekilgan har bir daraxt ko‘chati kelajakda yashil bog‘ bo‘lib, tabiatimizning chiroyiga-chiroy, ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib bizga zavq bag‘ishlaydi.
скачать dle 12.1