Jahon banki vakillari foydali taklfilarni ilgari surdi
Bugun Jahon bankining qishloq xo‘jaligi katta iqtisodchisi Pierre Gerber, bankning konsultanti Preslava Nenova hamda chorvachilik bo‘yicha mutaxassisi Alban Bellingues Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida amaliy safar bilan bo‘lishdi. Dastlab, ular filial direktori A.Esimbetov bilan uchrashib, ochiq muloqot olib borishdi. Muloqot davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasidagi mavjud muammolarni o‘rganish va bartaraf etish, hududda yirik loyihalarni amalga oshirish orqali sohani yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish, filial bilan veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni o‘rnatish va chuqurlashtirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Filial direktori bank vakillariga filialdagi mavjud sharoitlar va amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, qo‘lga kirgizilayotgan yutuqlar haqida ma'lumotlarni taqdim etdi. Suhbat davomida soha bo‘yicha filial tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarni bank tomonidan moliyalashtirish kabi ahamiyatli takliflar ilgari surildi. Shundan so‘ng Jahon bankining vakillari tomonidan filial majlislar zalida seminar tashkil etildi. Seminarga filial professor-o‘qituvchilari, ilmiy bo‘lim xodimlari, tumanlardagi fermer xo‘jalik rahbarlari va veterinariya bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi. Mutaxassislar seminar ishtirokchilariga bank tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida veterinariya va chorvachilik sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shish maqsadida jami 5 million AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilganligi, jumladan, respublikadagi fermer xo‘jaliklardagi chorva mollarini identifikatsiyadan o‘tqazish uchun 3 mln 282 ming donadan ortiq birkalar bidan ta'minlash bo‘yicha bank tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi, yirik shoxli qoramol embrionlarini transplantatsiya qilish uchun zamonaviy laboratoriya jihozlari keltirilib, amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilganligi, shuningdek, Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasiga zarur texnikalarni yetkazib berishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishi bo‘yicha statistik ma'lumotlar taqdim etildi. Filial xodimlari, fermer xo‘jalik rahbarlariga sohani rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarni ishlab chiqishda aynan nimalarga e'tibor qaratish lozim ekanligi, jarayonlarni bosqimcha-bosqich amalga oshirish va foydali loyihalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berib o‘tildi.
— Qoraqalpog‘iston Respublikasida veterinariya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli darajada. Bankimiz mana shuni inobatga olgan holda soha vakillari bilan hamkorlikda foydali loyihalarni amalga oshirib, samarali natijalarga erishishni maqsad qilgan. Biz ezgu maqsad bilan birlashib, katta ishlarni amalga oshirishimiz hamda aholini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta'minlashga hissa qo‘shishimiz mumkin —deydi Jahon bankining qishloq xo‘jaligi katta iqtisodchisi Pierre Gerber. Shuningdek, seminar davomida bugungi kundagi mavjud muammo iqlim o‘zgarishiga qarshi qanday ishlarni amalga oshirishimiz lozimligi, chorva mahsulotlarini yetishtirishda tabiatimizga zarar keltirmaslik kabi foydali tavsiyalar berib o‘tildi. Sohaga oid muhim masalalar muhokama qilinib, bir qator foydali takliflar bildirildi.
скачать dle 12.1