She'rlari qalbimizga muhirlangan shoir tavalludining 200 yilligi nishonlandi
Barchamizga ma'lumki, joriy yilning 16-iyul sanasida Muhtaram Prezidentimiz «Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi maxsus qarorni imzolagan edi. Ayni kunlarda yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida qaror ijrosini ta’minlash maqsadida adabiy-badiiy kecha va turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Joriy yilning 29-oktabr kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida «She'rlari qalbimizga muhirlangan shoir» atamasida adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Kechada filial rahbariyati, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, filologiya fanlari nomzodi A.Abdiyev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir R.O‘tarboyev, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Filial direktori, professor A.Esimbetov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berib, Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining tavalludining 200 yilligi munosabati bilan yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi hamda Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi bilan qoraqalpoq adabiyotining faxri bo‘lgan shoir Ajiniyoz tavalludining 200 yilligi YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar ro‘yxatiga kiritilganligi har birimizning qalbimizda g‘urur tuyg‘usini uyg‘otganligini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Kecha davomida yozuvchi va shoirlar minbarda turib, xalqimizning suyukli shoirining hayoti va ijodi haqida ta'sirli nutq so‘zladi. Ulug‘ shoirimizning bizga meros bo‘lib qolgan asarlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga to‘kis yetkazish bizning burchimiz ekanligi, qoraqalpoq adabiyoti tarixida yangi bir sahifa ochib, o‘chmas iz qoldirgan bobomizning xotirasini ulug‘lash va 200-yillik yubileyi keng nishonlanishiga hissa ko‘shish oliy baxt ekanligi o‘qtirildi. Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining XIX asr qoraqalpoq adabiyoti rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, chuqur falsafiy mazmunga ega she'rlari, olib borgan ijodiy faoliyati haqida talaba-yoshlarga atroflicha tushunchalar berildi.
Shu kabi adabiy-badiiy kechalarni tashkil etish orqali qoraqalpoq klassik adabiyotining yirik namoyondasi bo‘lgan ulug‘ shoirimizning o‘lmas asarlari va boy ijodini talaba-yoshlar orasida keng targ‘ib qilish imkoni yaratilishi bilan birga ularning qalbida qoraqalpoq adabiyotiga va ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan mehr-muhabbatni yanada kuchaytirish, mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqni oshirish mumkin bo‘ladi. Adabiy-badiiy kecha davomida iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan suyukli shoirimizning ijod namunalaridan parchalar keltirilib, she'rlari aytildi. Ayniqsa, xalqimiz orasida keng tanilgan «Bo‘zotov» she'rining dutor bilan jonli ovozda ijro etilishi yig‘ilganlarga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Axborot xizmati
скачать dle 12.1