Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi. Filial direktori A.Esimbetov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berib, ijarada turadigan talaba-yoshlarning holidan xabar olish va ular yashayotgan xonadonlardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng Nukus shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik J.Djubanishov va filial profilaktika inspektori, kapitan Q.Qayipnazarov so‘zga chiqib, ayni kunlarda hududlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilayotganligi, aholini elektr energiyasi va issiqlik bilan uzluksiz ta'minlashda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish va is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish zarur ekanligini ta'kidlab o‘tishdi. Ota-onalar va talaba-yoshlarga ochiq muloqot davomida is gazi nima va undan zaharlanish qanday hollarda yuz berishi, agar shunday ko‘ngilsiz vaziyat yuzaga kelgan paytda nima qilish kerak ekanligi, inson uchun is gazining eng kam miqdori ham xavfli bo‘lib, uning zaharlanishi uchun yetarli bo‘lishi bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.
Ayniqsa ko‘p qavatli uylarda ijarada turadigan talaba-yoshlar ushbu masalaga befarqlik bilan qaramay, e'tiborli va ehtiyotkor bo‘lishi tavsiya etib o‘tildi. Talabalarning ota-onalariga filial tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh bilan hamkorlikda ish olib borib, ijara xonadonlaridagi vaziyatdan xabardor bo‘lib borishlari va farzandlarini ogohlikka chaqirishlari maslahat berildi. Shuningdek, ayni kunlarda tegishli mutaxassislar bilan birgalikda ijara xonadonlaridagi mo‘rilarni tozalash ishlari olib borilib, yong‘in xavfsizligi va is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari alohida ta'kidlab o‘tildi. Ochiq muloqot savol-javob shaklida davom etib, ota-onalar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, to‘laqonli javoblarni olishdi.
скачать dle 12.1