Qo‘mita raisining maslahatchisi talaba qizlar bilan uchrashdi
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi M.Abdukarimova tashrif buyurib, direktor A.Esimbetov bilan suhbat olib bordi. Olib borilgan muloqot davomida filialdagi o‘quv jarayonlari, o‘qituvchilar va iqtidorli talaba-yoshlarning soha bo‘yicha olib borayotgan ilmiy izlanishlari, erishilayotgan ijobiy natijalar xususida so‘z yuritildi.
Suhbat chog‘ida qo‘mita rahbariyatining filialni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotganligi alohida e'tirof etib o‘tildi. Filial direktori A.Esimbetov 15 oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirdagi ishtiroki uchun qo‘mita rahbariyati va mehmonlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng qo‘mita raisining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi M.Abdukarimova filialda tahsil olayotgan talaba qizlar bilan uchrashdi. Uchrashuvni o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q.Atanazarov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbir davomida mehmon so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda gender siyosati masalasiga alohida e'tibor qaratilib, ushbu siyosat doirasida xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada oshirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xotin-qizlarni oliy ta'limga qamrab olish maqsadida ular uchun yaratib berilayotgan imtiyozlar haqida to‘xtaldi. Qizlar bilan olib borilgan samimiy muloqot davomida M.Abdukarimova o‘zining hayot va ish tajribasini o‘rtoqlashdi. Talabalarga sifatli ta'lim olishi, ezgu insoniy fazilatlarga ega bo‘lishga intilishlari, o‘zlarini har tomonlama tarbiyalab borishlari lozimligi borasida foydali tavsiyalarini berib o‘tdi. Hayotiy misollar va xotin-qizlarga bag‘ishlangan chiroyli misralarni keltirib o‘tdi. Mazkur uchrashuv talaba-qizlarga tom ma'noda motivaеsiya bag‘ishladi.
скачать dle 12.1