Sifatli ta'lim olishga intilgan yoshlar —taraqqiyotimiz poydevori
Mamlakatimizda yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olishga va ta'lim tizimida sifatni yanada oshirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, so‘nggi yetti yilda oliy ta'limda qamrov darajasi 9 foizdan 42 foizgacha oshirilib, oliygohlar soni ham ortib bormoqda. Ta'lim sohasini muntazam isloh qilib borish o‘z o‘rnida chuqur bilimga ega zamonaviy kadrlar yetishib chiqish samaradorligini oshiradi. Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar bilim olish chanqoq yoshlarni maqsadlari sari yetaklaydi. 2024/2025 o‘quv yilida 186 871 nafar abiyturient bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga talabalikka tavsiya etilgan bo‘lsa, shulardan 41 153 nafari davlat granti, 145 718 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan 1-bosqichga qabul qilingan talaba-yoshlar katta hayojon va shirin his-tuyg‘ular og‘ushida oliygohga ilk bor qadam qo‘yib yangi orzu-umidalar qiladi. Astoyidil intilib, talaba degan nomga sazovor bo‘la olgan yoshlarning, ayniqsa kirish imtihonlarda eng yuqori ball to‘plab, davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarning taassurotlari va hayojonlari bir olam bo‘lishi bejizga emas. 2024-2025-o‘quv yilida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etilgan mana shunday baxtiyor yoshlar o‘zlarining shodligi va hayojoni bilan o‘rtoqlashdi.
— Oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan talabalar safiga qo‘shilish, men kabi har bir yoshning eng oliy maqsadlaridan biri bo‘lsa kerak deb o‘ylayman, joriy yil ushbu ezgu maqsadimga erishib talaba bo‘ldim — deydi Veterinariya sanitariya ekspertizasi yo‘nalishining 1-bosqich talabasi Gulinur Rahimboyeva– Ota-onam va men Xorazm viloyatidan Nukusga kelib tahsil olishimni niyat qilgan edik. Shukurlar bo‘lsinki orzuim amalga oshdi. Azaldan qoraqalpoq qardoshlarimizning hayot tarzi va urf-odatlariga qiziqishim baland edi, endi bu yerda tahsil olish bilan birga ular bilan yaqindan tanishib boraman.
— Eng yuqori ball to‘plab, talaba bo‘lganim birinchi navbatda ota-onamni juda sevintirdi — deydi Zooinjeneriya yo‘nalishining 1-bosqich talabasi Miyirbek Janabaev — Ulug‘ shoirimiz I.Yusupov tavvalud topgan Chimboy tumanidan bo‘laman. Menga taqdim etilgan ajoyib tuhfadan juda baxtiyor bo‘ldim, tirishqoqliq bilan bilim olishga astoyidil intilaman.
— Suv bioresurslari va akvakultura yo‘nalishiga grant asosida talabalikka qabul qilindim— deydi ushbu yo‘nalishning 1-bosqich talabasi Sara Bazarbayeva—Muhtaram Prezidentimizning oliy ta'lim sohasini yanada isloh qilish borasida ilgari surib kelayotgan ezgu tashabbuslari oliygohlarda tahsil olishni orzu qilgan yoshlarga yanada motivasiya bag‘ishlaydi.
Shuningdek, Zooinjeneriya yo‘nalishiga birinchi davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan Barno Muhammetdinova hamda Veterinariya sanitariya ekspertizasi yo‘nalishining 1-bosqich talabasi Manzura Reyimbayevalar mustaqil yurtning baxtli talabalari safidan joy olganidan juda mamnun bo‘lganliklari, yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qator imkoniyatlar ularni yanada ruhlandirib, kelajakda o‘zlari tahsil olgan soha rivojida o‘z hissalarini qo‘shishga harakat qilishini ta'kidlashdi.
Ulug‘ bayramimiz– O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami arafasida oilasi va o‘ziga qo‘shaloq quvonch bag‘ishlab, talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarning iliq taassurotlari bizni ham to‘lqinlantirdi. Ko‘zlarida shijoat porlab turgan bu yoshlar yaqin kelajakda respublikamizda veterinariya va chorvachilik sohasining rivoji hamda Vatanimiz taraqqiyotiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shadi deb ishonch bildiramiz.
Axborot xizmatiскачать dle 12.1