Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) missiyasi vakillari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi
Ayni kunlarda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) missiyasi vakillari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Kuni kecha delegasiya vakillari Nukus shahriga kelib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari bilan uchrashdi. Bugun, ya'ni 18 iyul kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) missiyasi rahbari o‘rinbosari Nagino Ai tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida filial direktor o‘rinbosarlari Q.Atanazarov va R.Turganbaev bilan muloqot olib bordi. Uchrashuv davomida ikkitomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, hamfikrlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar muhokama qilindi. Olib borilgan muloqotdan so‘ng Yaponiyalik mehmon filial professor-o‘qituvchilari va ilmiy bo‘lim xodimlari bilan uchrashib, o‘zaro suhbat olib bordi. Muloqot davomida asosan veterinariya sohasi bo‘yicha hamkorlikda yiriy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi chorvachilik tarmoqlari bilan yaqindan tanishish va yangi g‘oyalarni ilgari surish masalalariga urg‘u berildi. Foydali takliflar bildirilib, muhim masalalar bo‘yicha fikr almashildi.
Tashrif doirasida Nagino Ai filialda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha qiziqish bildirib, o‘quv xonalari, vivariy va o‘quv-laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Yaponiyalik mehmonga filialdagi o‘quv jarayoni, laboratoriya xonalarining zarur jihozlar bilan ta'minlanganligi bo‘yicha zarur ma'lumotlar berildi. Filialda bo‘lib o‘tgan uchrashuv har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ldi. Ma'lumot o‘rnida, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) missiyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi avgust oyiga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
скачать dle 12.1