Yoshlar bayrami muborak bo‘lsin!
Assalomu alaykum Respublikamizning aziz yoshlari hamda qadrli filial talabalari! Katta mamnuniyat va ko‘tarinki kayfiyat bilan barchangizni “30-iyun-Yoshlar kuni” bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqlarining birida yoshlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlashini ta'kidlab o‘tgan edi. Darhaqiqat, yoshlar kelajak egalari sifatida eng katta kuch hisoblanadi. Bugun davlatimizda yoshlarga yaratilgan ulkan imkoniyatlarni ko‘rib, ularga havasim keladi. Ayniqsa ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohatlar yoshlarimizning zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishini kafolatlaydi. Yoshlarni ta'limga keng qamrab olish maqsadida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun bir qator imtiyozlarning berilishi, test sinovlarining shaffof tarzda bo‘lib o‘tishiga alohida e'tibor qaratilayotganligi, shuningdek talabalarga yaratilayotgan barcha sharoitlar zamirida yurtimiz yoshlarini har tomonlama yetuk va ilmli qilib tarbiyalashdek ulug‘ maqsad bor.
Qaysi sohani olib qaramaylik, uning rivojida yoshlarning roli nihoyatda muhim sanaladi. Quvonarlisi, ular o‘zlariga taqdim etilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, katta marralarni zabt etib, muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Qariyb 7 yildan beri Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda 30 iyun sanasi Yoshlar kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Mazkur bayram juda ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e'tiborni shundan ham yoqqol sezish qiyin emas.
O‘zbekiston yoshlari eng baxtli yoshlardan biri deb o‘ylayman. Boisi yoshlarini shu darajada e'zozlab, ularga imkoniyat eshiklarini keng ochib beradigan mana shunday osuda vatan bag‘rida o‘nib-o‘sishning o‘zi bizga berilgan eng oliy ne'matdir. To‘g‘risini aytsam talabalarim orasida o‘zim ham yoshargandek bo‘laman. Ular menga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Hozirgi kunda filialda jami 1198 nafar talaba-yoshlar tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning har biridan o‘ziga yarasha natija kutaman. O‘z o‘rnida filial talabalari ham berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib bir qator ijobiy natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, joriy o‘quv yili filial uchun juda barakali kelib 4 nafar talabamiz Prezident va nomdor stipendiya sovrindorlariga aylanishdi. 3-bosqich talaba qizimiz K.Serimbetova esa Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahrida o‘tkazilgan Osiyo kubogida O‘zbek jang san'ati sport turi bo‘yicha fahrli birinchi o‘rinni egallab, oltin medal sohibasiga aylandi. Shuningdek, talabalarimiz turli tanlovlarda ham faollik ko‘rsatishdi. 4-bosqich talabasi Sh.Qarlibayeva «Mirzo Ulug‘bek vorislari» Respublika tanlovining tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibasi deb topildi va final bosqichiga yo‘llanma olib, faol ishtirok etdi. Yilning eng quvonchli yangiligi yaqin kunlarda yuz berdi. Ya'ni, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda «Agrar soha ayollari» uyushmasi tashabbusi bilan vazirlik tizimidagi 10 ta oliy ta’lim muassasalarining talaba yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovida filalimizning «Kelajak yoshlari» jamoasi mutloq g‘olib deb topildi hamda I darajali diplom va Yevropaga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Bizga mana shunday katta yutuqlarni olib kelgan yoshlarga cheksiz minnatdormiz.
Ularga sifatli ta'lim berishdagi maqsadimiz ham aynan shundan iborat. Bizning zimmamizda bo‘lajak mutaxassislarga ta'lim va tarbiya berishdek katta mas'uliyat turibdi. Kelajak egalariga zamonaviy bilim berishga, ularni professional ta'lim tizimi asosida o‘z kasbining yetuk mutaxassisi sifatida tarbiyalash bugungi kunning muhim talabi hisoblanadi.
Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, O‘zbekiston jami aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etar ekan. Filialimizda faoliyat yuritayotgan xodimlar orasida yoshlar 16,3 foizni tashkil etadi.
Davlatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biz bularning guvohi bo‘lib, yurtimiz yoshlarining buyuk istiqboliga katta ishonch bildira olamiz. Fursatdan foydalanib, “30-iyun - Yoshlar kuni” munosabati bilan butun respublikamiz yoshlarini, qolaversa filialimizning yosh kadrlarini hamda talabalarini ajoyib bayram bilan chin ko‘ngildan tabriklayman! Oilangizga xotirjamlik va salomatlik tilayman. Sizdek yoshlarni voyaga yetkazgan ota onangizga cheksiz minnatdorchiligimni izhor etaman. Kelajak uchun katta rejalar tuzib, ulug‘ maqsadlar sari intiling! Yaxshi ta'lim oling va vatanimiz ravnaqi uchun o‘z hissangizni qo‘shishga harakat qiling! Barchangizga dilimdagi eng beg‘ubor va samimiy tilaklarimni yo‘llab qolaman. Asosiysi qaynoq ishtiyoq so‘nmasin, hamiysha labingizdan tabassum arimasin. Baxtli bo‘ling! Bayramingiz muborak aziz yoshlar!
Hurmat bilan,
Esimbetov Adilbay Tlepovich
filial direktori, biologiya fanlari doktori, professor
скачать dle 12.1