«Kelajak yoshlari» jamoasi Yevropaga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
Qishloq xo‘jaligi sohasida yoshlarning yangi, kreativ g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarini amalga oshirishlari uchun motivatsiya berish, sohada ilg‘or va tashabbuskor yoshlar uchun imkon yaratib berish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda «Agrar soha ayollari» uyushmasi tashabbusi bilan vazirlik tizimidagi 10 ta oliy ta’lim muassasalarining talaba yoshlari o‘rtasida “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Ushbu ko‘rik-tanlovning saralash bosqchida g‘olib bo‘lgan jamoalar Toshkent davlat agrar universitetida yarim final, final bahslarida bellashdilar.
Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati a'zolari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, "Agrar soha ayollari" uyushmasi mas'ullari, Yoshlar ishlari agentligi, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar qatnashdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berib, mazkur tanlovni o‘tkazish zamirida talaba-yoshlarni qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion g‘oyalarni joriy etishga jalb etish va ularning bu yo‘ldagi orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish kabi ezgu maqsdalar mujassam ekanligini alohida ta'kidladi.
Jami 3 bosqichda o‘tkazilgan tanlov 4099 nafar yoshlarni qamrab oldi. Tanlov davomida talaba-yoshlar tomonidan ilg‘or g‘oyalar asosida ko‘plab innovatsion loyihalar taqdim etildi. Final ishtirokchilari hakamlar hay'ati a'zolariga o‘z loyihalarining mazmuni va ahamiyatini keng tushuntirib g‘oliblik uchun astoyidil bellashdilar. Eng quvonarlisi, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining «Kelajak yoshlari» jamoasi mazkur tanlovning yarim final bosqichida eng yuqori ballni qo‘lga kirgizib, final bosqchida mutloq g‘olib deb topildi. Tantanali taqdirlash marosimida filial talaba-yoshlariga fahrli birinchi o‘rinni egallaganligi uchun I darajali diplom va Yevropaga sayohat yo‘llanmasi topshirildi.
—Sahnada taqdirlanar ekanmiz, hayolimda biz yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarni yana bir marta qalban chuqur his qildim — deydi talabamiz Shaxida Qarlibayeva—biz ustozlarimiz va jamoa a'zolari bilan tinmay mehnat qilib, loyihamiz ustida ish olib bordik. Natija esa kutgandan ham a'lo darajada bo‘ldi. Filialimiz nufuzini yanada oshiradigan mana shunday muhim yangiliklardan biriga hissa qo‘shganimizdan behad sevindik. Nukus xalqaro aeroportida Yevropaga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Kelajak yoshlari» jamoasi tantanali kutib olindi. Tadbirda, filial rahbariyati, ota-onalar va o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etib, g‘oliblarni samimiy tabrikladi va yutuqlar bardavom bo‘lishini tiladi.
Ma'lumot o‘rnida, “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovining final bosqichida Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi 2-o‘rinni, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
скачать dle 12.1