Qozog‘iston OTMlari bilan hamkorlik davom etmoqda
Bilamizki, bugungi kunda oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida o‘quv jarayonlarini samarali tashkil etish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlarning bilimlarini zamon bilan hamnafas ravishda yangilab borish kabi ezgu maqsadlar mujassam. Bu borada xorijiy va qo‘shni davlatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, o‘quv jarayoniga yuqori malakaga ega professor-o‘qituvchilarni jalb etish ham katta ahamiyat kasb etadi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ushbu yo‘nalish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikalarining “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan, o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, professorlarning filial talaba-yoshlariga ma'ruza o‘tishi tashkil etib kelinmoqda.
Bugun filialga Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, akademik J.Parjanov tashrif buyurdi. Mehmon dastlab filial rahbariyati bilan uchrashib, muloqot olib bordi. Suhbat avvalida filial direktori A.Esimbetov Qozog‘istonlik mehmonga bu yerda tahsil olayotgan talabalar uchun mavjud sharoitlar, nazariya va amaliyot uyg‘unligi yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi, xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan tuzilgan memorandumlar asosida amalga oshirilayotgan samarali ishlar xususida so‘zlab berdi. Olib borilgan muloqot davomida mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kelgusida ushbu hamkorlik aloqalarini ko‘p qirrali sheriklik asosida kuchaytirib borish, ilmiy faoliyat sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Qozog‘iston va Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari bilan yaqinan tanishish, ma'lumot va tajriba almashish, shu orqali talaba-yoshlarning bilimlarini yanada kengaytirib borish haqida so‘z yuritildi. Har ikkala tomon ham o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirdi. Qozog‘istonlik akademik shu hafta mobaynida filialning «Zooinjeneriya» yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlariga dars o‘tadi.
Axborot xizmati
скачать dle 12.1