Bitiruvchi bosqich talabalari bilan muloqot olib borildi
Joriy yilning 31 may kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining bitiruvchi bosqich talabalari bilan ochiq muloqot olib borildi. Filial direktori A.Esimbetov tadbir boshida so‘z olib, joriy o‘quv yili yakunlanishiga ham kam vaqt qolganligi, yana sanoqli kunlardan keyin bitiruvchi kurs talabalarining yakuniy davlat attestasiya imtihonlarini topshirish jarayoni boshlanishi va bu bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarliklar xususida to‘xtaldi.
–4 yil mobaynida talabalarga sifatli ta'lim berish uchun bor kuch va imkoniyatimizni safarbar qildik–deydi A.Esimbetov–yo‘qdan bor qilishga, nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligini ta'minlashga intildik. Endi mana shu yoshlar veterinariya va chorvachilik sohasi rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘sha oladi deb ishonch bildiramiz. Shundan so‘ng, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A.Safarov so‘zga chiqib, bugungi kunda jahonda veterinariya sohasida tahsil olayotgan bo‘lajak kadrlar eng kerakli mutaxassislardan biri ekanligi, jumladan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ham veterinariya sohasida yoshlarning sifatli ta'lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilib, ularning bandligini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani haqida gapirib o‘tdi. U o‘z nutqida veterinariya zamonaviy kasblar qatoriga kirishi, bugun soha bo‘yicha yangicha yondashuv asosida olib borilayotgan islohotlar natijasida ilg‘or bilim va tajribaga ega mutaxassislarga bo‘lgan talab tobora ortayotganini alohida qayd etdi.
–Har birimiz oladigan maoshimizni o‘zimiz belgilaymiz –deydi A.Safarov–ya'ni, o‘z salohiyatimizga, o‘zlashtirgan bilim darajamizga ishonsak, ishsiz qolmaymiz. Diplom qo‘lga tegdimi, darhol ishga joylashishga harakat qiling, ana shunda avval ish tajribangizni orttirib, o‘zingizni yanada rivojlantirasiz. Shuningdek bitiruvchilarga nufuzli ishga joylashish istagida bo‘lganlar ko‘p mehnat qilishi, ko‘zbo‘yamachilik ortidan aslo hurmatga erishib bo‘lmasligi haqida o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Qo‘mita filial bilan hamkorlikda soha bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash uchun bor kuch va imkoniyatini sarflab, amaliy yordam ko‘rsatishga har doim tayyor ekanligi, shu ezgu maqsad yo‘lida hamfikrlikda ish olib borilishi alohida ta'kidlab o‘tildi.
Bitiruvchilar bilan olib borilgan samimiy muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘laqonli javoblarni olishdi. Ma'lumot o‘rnida, joriy yilda filialimizni 5 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 359 nafar talaba tamomlaydi. Shundan, 88 nafari Zooinjeneriya (turlar bo‘yicha) mutaxassisligi bo‘yicha, 55 nafari veterinariya laboratoriyasi va diagnostika ishi yo‘nalishi bo‘yicha, 216 nafari esa veterinariya meditsinasi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda.
Axborot xizmati
скачать dle 12.1