Talabalar "Men donorman" xayriya aksiyasida qatnashib, xayrli ishga qo‘l urishdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari filialda tashkil etilgan “Men donorman” donorlik aksiyasi doirasida qon topshirish ishlarida faol ishtirok etdi. Tadbir davomida Respublika qon quyish stansiyasi ko‘chma donorlik kompleksining maxsus avtobusida sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilgan holda ko‘ngilli talabalar qon topshirdi. Ushbu maxsus avtobus barcha zarur texnikalar bilan jihozlangan. Ixtiyoriy ravishda qon topshirgan talabalar dastlab malakali shifokor ko‘rigidan o‘tib, bundan so‘ng belgilangan tartibda qon topshirishdi.
– Shu kabi ezgulik xayriya aksiyasida ko‘ngilli tarzda ishtirok etib, qon topshirish ishlarida faollik ko‘rsatgan talaba-yoshlardan juda mamnun bo‘ldik– deydi Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi boshlig‘i A.Seytkamalov– bunday ezgu ishni amalga oshirish orqali kimningdir hayotini saqlab qolishdek savobli ishga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lamiz. Shu o‘rinda ezgu aksiyada faol qatnashishga barchani chorlab qolamiz.
Tadbir doirasida filial majlislar zalida Qon quyish stansiyasining donorlar bo‘limi boshlig‘i J.Gabbarova va qon olish bo‘limi shifokori R.Xojametova tomonidan talabalarga qon topshirish jarayoni va unda qanday qilib ishtirok etish mumkinligi, ko‘ngilli ravishda qon topshiradigan donorlar qanday talablarga javob berish kerak ekanligi, mamlakatimizda donorlik qoniga talab qay darajada yuqori ekanligi, joylarda tashkil etilayotgan “Men donorman” aksiyasining aholi tomonidan ijobiy qabul qilinib, insonlar faol qatnashib kelayotgani xususida so‘z yuritdi.
Talaba-yoshlar insonparvarlik fazilatini o‘zida namoyon etgan bu kabi tadbirlarda faol ishtirok etib, qonga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolish va ularning oila a'zolariga quvonch ulashish kabi xayrli ishga qo‘l urishdi.
Axborot xizmati
скачать dle 12.1