Fransiya universitetining professori filialga tashrif buyurdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga Fransiyaning Aix-Marsel universitetining professori Kamile Rhone-Quer tashrif buyurdi. Fransiyalik mehmon dastlab filial rahbariyati bilan uchrashib, direktor Adilbay Esimbetov bilan muloqot olib bordi. Suhbat davomida Kamile Rhone-Querga filial tarixi va uning bugungi kundagi faoliyati, o‘qish jarayoni, talabalar uchun yaratilgan qulayliklar, ayni paytda yangi talabalar turar joyi qurilishiga start berilishi rejalashtirilayotganligi bo‘yicha batafsil ma'lumotlar berildi.
Fransiyalik professor filial bilan hamkorlik memorandumini tuzish va shu orqali uni xalqaro miqyosda tanitish, kelgusida hamkorlikni rivojlantirib borish, filial nufuzini yanada oshirishda yaqindan ko‘mak berish, o‘zaro ijobiy ish tajribasini almashish kabi muhim takliflarni bildirdi. Shuningdek mehmon veterinariya va chorvachilik sohasiga qiziqishi borligini ta'kidlab, aynan ushbu sohada yuz berayotgan yangilanishlar bilan tanishish hamda soha bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar bilan yaqindan muloqot olib borish istagini ham bildirdi.
— Men Qoraqalpog‘istondagi hayvonat dunyosi, ularning yashash sharoiti va parvarish qilinishi umuman veterinariya sohasi bo‘yicha ma'lumotlarga ega bo‘lishni istayman—deydi Kamile Rhone-Quer —baliqchilik tarmog‘i ham meni qiziqtiradi. Aynan ushbu soha bo‘yicha talabalarga yetuk bilim berib kelayotgan oliygoh faoliyati va unda tahsil olayotgan talabalar tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar bilan yaqindan tanishib, sizlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish taklifi bilan keldim. Olib borilgan muloqot davomida muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi va kelgusida do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Shundan so‘ng Kamile Rhone-Quer filial majlislar zalida talaba-yoshlar bilan suhbat olib bordi.
скачать dle 12.1