Filial jamoasi bayram arafasida nuroniy otaxonning duosini oldi
Yurtimizda har yili 9-may Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida sana munosabati bilan keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, jang maydonida bugungi farovon turmushimiz uchun kurashib, halok bo‘lgan hamyurtlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish va nuroniy otaxonlar holidan xabar olish an'ananga aylangan.
Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining mehnat jamoasi va talaba-yoshlari I darajali "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni sohibi, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador» faxriy unvoni egasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga mehnati singan ilm fidoyisi B.Abdirovning holidan xabar oldi. Filial direktori A.Esimbetov va xodimlar Buxarbay ota va uning oila a'zolarini Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirishdi. Nuroniy otaxonning ko‘ksiga «Sharaf lenta»si taqib qo‘yildi.
Uzoq yillar davomida mashaqatli va halol mehnat qilib, yurtimiz rivojiga hissa qo‘shgan bu insonga qancha ijobiy tariflarni keltirsak, shuncha kamdek tuyilaveradi. Buxarbay ota o‘ziga ko‘rsatilgan bunday e'tibor va e'zozdan mamnun bo‘lib, talaba-yoshlar bilan ko‘p yillik mehnat faoliyati va hayot tajribalarini o‘rtoqlashdi.— Sizlardek bo‘lajak yosh veterinar mutaxassislarni ko‘rib, juda sevindim — deydi Buxarbay ota Abdirov— yurtimizning ertangi, bugungidan ko‘ra oydin turmushini sizlar yaratasiz. Mening ulug‘ yoshim, beg‘am keksaligimni sizlarga ham tilayman. Men pok orzularim amalga oshib, uzoq yashab kelayotgan mustaqil yurtimning baxtli keksa avlodlaridan biriman. Sizlar mendan ham yuksak muvaffaqiyatlarga erishishingizga ishonaman, boisi buning uchun barcha imkoniyat eshiklari ochiq turibdi.
Qahramonimiz yoshlarga ilmiy faoliyati bo‘yicha batafsil hikoya qilib berdi. Talabalarga bugungi farovon turmushimizga behad shukur qilib, bilimlarni puxta o‘zlashtirishni, ezgu maqsadlar sari intilishni maslahat berib o‘tdi. Samimiy muloqotdan so‘ng nuroniy otaxonimiz qo‘llarini yaxshi niyat bilan duoga ochib, yurtimiz tinch va osmonimiz ochiq bo‘lishini tilab, yoshlarni duo qildi. Tabarruk yoshdagi otaxon o‘ziga ko‘rsatilgan hurmat va e'tibordan minnatdor ekanligini bildirdi. Filial jamoasi Buxarbay otaga bayram arafasida sovg‘a-salom topshirib, uning duosini olishdi. Vatanimiz rivoji uchun xizmat qilgan shu kabi nuroniy otaxonlarimiz yoshlarga chin ma'noda o‘rnak va motivatsiya bo‘la oladi.
скачать dle 12.1