Qoraqalpoq adabiyotining porloq yulduzlari tavalludiga 95 yil to‘ldi
Joriy yilning 7 may kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida qoraqalpoq adabiyotining yorqin yulduzlari I.Yusupov hamda T.Qayipbergenovning tavalludiga 95 yil to‘lishi munosabati bilan “Qoraqalpoq adabiyotining porloq yulduzlari” mavzusida adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi. Ushbu tadbirga Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, filologiya fanlari nomzodi A.Abdiev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir R.O‘tarboev, yosh ijodkor shoirlar S.Sirg‘abaeva hamda A.Ismaylovlar mehmon sifatida ishtirok etishdi. Filial direktori, professor Adilbay Esimbetov tadbir boshida so‘z olib, qoraqalpoq adabiyoti tarixida yangi bir sahifa ochib, o‘chmas iz qoldirgan buyuk ijodkorlarning yaratgan asarlari va she'rlari qalbimizga muhirlanganligi va ularning ulug‘ xotirasi oldida doim ta'zim qilishimizni ta'kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng A.Abdiev va R.O‘tarboev so‘zga chiqib, ikki qardosh el uchun birdek ardoqli bo‘lgan adib va shoirimizning barchamizga ibrat bo‘ladigan hayot yo‘li va boy ijodiy faoliyati haqida gapirib o‘tishdi. Har ikkala ijodkor o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari birodarligining kuychisi bo‘la olganligi, adabiyotimizda yorqin iz qoldirib buyuk asarlar va hikmatli she'rlar muallifiga aylanganligi haqida ta'kidlab o‘tildi.
Kecha daomida har bir qoraqalpoq farzandining kitob mutolaasiga mehri I.Yusupov va T.Qaipbergenovning asarlarini o‘qish orqali uyg‘onib, shakllanib borishi, sevimli adib va shoirimizning bizga qoldirgan boy adabiy merosi yoshlarning ma'naviyati yanada yuksalishida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etib o‘tildi. Kechaga tashrif buyurgan yosh ijodkor shoirlar va talaba-yoshlar tomonidan sevimli shoirimiz I.Yusupovning qalamiga mansub go‘zal she'rlari maromiga yetkazib o‘qib berildi. Qalblarni o‘zgacha to‘lqinlantiruvchi misrlar yuraklarga yetib bordi. Tadbir davomida yozuvchi T.Qaipbergenov va shoir I.Yusupovning xotirasi munosib yod etildi.
скачать dle 12.1