«Ma'rifat ulashib» karvoni filialda
Ma'lumki, ayni kunlarda «Ma'rifat ulashib» loyihasi doirasida yurtimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalarida yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 1-may kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga ushbu loyiha doirasida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, «Do‘stlik» ordeni sohibi, shoir va tarjimon Aziz Said hamda ajoyib hikoyalar muallifi, shoir Isomiddin Po‘latov tashrif buyurdi. Ijodkorlar guruhi ehtirom bilan kutib olindi va dastlab, filial direktori Adilbay Esimbetov qabulida boʻldi. Mehmonlar bilan olib borilgan samimiy muloqot davomida veterinariya va chorvachilik sohasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar orasida ham adabiyotga oshno boʻlgan iqtidorli talabalar bor ekanligi va ularga ijod bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida aytib o‘tildi. Shundan so‘ng majlislar zalida shoir bilan yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida filial direktori A.Esimbetov va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, filologiya fanlari nomzodi A.Abdievlar so‘zga chiqib shoirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida to‘xtaldi.
— Inson qachon shakllanadi, qachonki kitob mutolaa qilsa — deydi shoir Aziz Said— Muhabbat ham ishq va do‘stlik rishatalari ham mana shunday uyg‘onadi, ya'ni kitob inson qalbidagi sof tuyg‘ularni tarbiyalaydi va shakllantirib boradi. Oddiy mutollaga mehr berish orqali siz atrofingizga ma'rifat ulashish kabi eng ezgu amalni bajarishga erishasiz. Uchrashuv davomida shoir talaba yoshlar bilan o‘zining ijod va hayot tajribalarini o‘rtoqlashdi. Ijodkor talabalar so‘zga chiqib she'riy to‘plamidan ajoyib misralarni o‘qib berdi. Samimiy suhbat yoshlarga manzur bo‘ldi.
«Ma'rifat ulashib» loyihasi doirasida uchrashuvlardan yana biri filialga biriktirilgan 34-son umumta'lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Shoir Isomiddin Po‘latov Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Seytkamalov va «Veterinariya va zooinjeneriya» fakulteti dekani A.Kaniyazov hamrohligida ushbu maktabga tashrif buyurib o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Ijodiy tadbir davomida qahramonimiz oʻquvchi yoshlarga o‘zining ijod namunalarini tanishtirdi.
Davra suhbatlaridan so‘ng “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida, filialning yer maydoniga shoir va yozuvchilar tomonidan ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Ijodkorlar qo‘llarini duoga ochib ekilgan nihollar o‘nib yaxshi o‘nib chiqishi, og‘izbirchiligimiz bardavom bo‘lishini niyat qilishdi.
«Ma'rifat ulashib» loyihasi doirasida filialning zukko va bilimdon talaba-yoshlaridan tarkib topgan jamoalar ishtirokida «Zakovat» intellektual o‘yini hamda “Munozara” debat o‘yinlari o‘tkazildi. Jumladan, «Zakovat» intellektual o‘yinida filialga tashrif buyurgan mehmon shoirlar ijodiga oid savollar o‘ynaldi. Mehmonlar tadbirlarda bevosita ishtirok etib, talabalarning topqirligi va o‘tkir zehnga ega ekanligiga guvoh bo‘lishdi. G‘oliblar diplom va eng qimmat sovg‘a — kitob bilan taqdirlanishdi.
Hurmatli mehmon shoirlar talabalar turar joyida istiqomat qiladigan yoshlar bilan bir piyola choy ustida dildan suhbatlashib, bugungi bugungi ijodiy muhit, kitob mutolaasi mavzulari bo‘yicha fikr almashdilar.
Kun davomida o‘tkazilgan tadbirlardan so‘ng filial talabalar turar joyida gulxan atrofida adabiy kecha tashkil etildi. Kecha davomida shoirlar bugungi ijodkorlar hayoti, ularning ijodiy faoliyati xususida so‘z yuritib, qiziqarli maʼlumotlarni keltirib o‘tishdi. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti, yosh ijodkorlar haqida iliq fikrlarni bildirib o‘tishdi. — Filial atmosferasi bizga juda yoqdi— deydiIsomiddin Po‘latov—bugungi“Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar yuksak saviyada tashkil etildi. Talabalar orasida ijodga va sheʼriyatga qiziqadigan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etishi bizni xursand qildi. Biz ijodiy hamkorlik qilishga va tavsiyalar berishga doim tayyormiz!
“Gulxan atrofi”da tashkil qilingan adabiy kecha samimiy muloqot bilan davom etdi. Talaba-yoshlar qoraqalpoq shoirlarining ijod namunalaridan parcha keltirib o‘tishdi. Bir so‘z bilan aytganda, “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida tashkil etilgan uchrashuv va tadbirlar talaba-yoshlarda unutilmas taassurotlarni qoldirishdi.
скачать dle 12.1